Koronavirus iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishga 10 trillion so‘m ajaratiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

– Bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar va eksportyorlar bizdan aniq va samarali choralar kutmoqda. Shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hukumatning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Prezidentimiz koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qildi. Hujjatga asosan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantiriladi.

Inqirozga qarshi jamg‘armadan Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar odamlarni ish bilan ta’minlash, buning uchun mahallalarda qo‘shimcha infratuzilma ob’yektlari qurishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 500 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilib, ish o‘rinlari yaratadigan biznes sub’yektlarga ko‘maklashiladi.