Nurobodda baxshichilik qadriyatga aylangan
Baxshichilikni rivojlantirish maqsadida Samarqandda nomdor baxshilar – qo‘shrabotlik Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, bulung‘urlik Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, narpaylik Islom Shernazar o‘g‘li, Xatirchidan Po‘lkan shoirning san’ati davom ettirib kelinmoqda.
Jumladan, Nurobod tumanida ham bu an’ana avloddan-avlodga o‘tib qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Bu haqda gap ketganda shoir Shavkat baxshi Bobomurod ko‘p tilga olinadi. O‘n yoshidan she’r mashq qilishni boshlagan baxshi bugungi kungacha bir nechta she’riy to‘plamlar bilan birga baxshichilik yo‘nalishidagi “Sohibqiron Temurbek” dostonini yaratgan. Ayni paytda oqin Jaloliddin Manguberdi, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldoshga bag‘ishlangan dostonlarni yaratish ustida ijod qilmoqda.
Bundan tashqari, nurobodlik baxshi-oqinlar orasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Sayim baxshi Ergashev, Abdualim baxshi Bekmurodov, Ilyos baxshi Mamayevlarni ham alohida e’tirof etish mumkin.
- Keyingi paytda tumanimizda baxshichilikka bo‘lgan qiziqishning oshishi shu insonlar nomi bilan bog‘liq, - deydi tuman hokimligi madaniyat bo‘limi mudiri Elmurod O‘sarov. – Shu bois, ota-bobolarimizdan meros qolgan san’atni munosib davom ettirish va yoshlarga baxshichilik sirlarini o‘rgatish maqsadida tumanda to‘garaklar tashkil qilingan. Jumladan, olis Tim qishlog‘ida joylashgan 5-Tim madaniyat markazida mehnat qilib kelayotgan Sayim baxshi, 2-Jom madaniyat markazi baxshichilik to‘garagi rahbari Abdualim baxshi Bekmurodov hamda 18-bolalar musiqa va san’at maktabida yosh baxshi-oqin Ilyos baxshi Mamayevlar yoshlarga baxshichilik sirlari, do‘mbira chalish mahorati hamda xalq og‘zaki ijodi namunalarini o‘rgatib kelmoqda.
Tumandagi 1-son markaziy madaniyat markazida “Nurobod chashmasi” nomli folklor ansambli ham tashkil etilgan.
Unda urf-odat va an’analarimiz, xalq qo‘shiqlari hamda chanqovuz chalish sirlari o‘rgatiladi.
- Tumanimiz aholisida milliy an’analar va san’atga bo‘lgan qiziqishi ancha yuqori, - deydi ansambl a’zosi Rohat aya Mo‘minova. - Chanqovuz va do‘mbira chalib qo‘shiq kuylash ota-bobolarimizdan meros. Shu bois, bu an’anani davom ettirish maqsadida tumandagi madaniyat markazlarida to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unga aholining barcha qatlami jalb qilinyapti. Yoshligimdan chanqovuz chalishni momolarimizdan o‘rganganman. Hozirda bu cholg‘u sirlarini yoshlarga ham o‘rgatyapman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.