Qadimiy obidalardagi nafis panjaralar nima maqsadda qurilgan?

Panjara — me’moriy bo‘lak, to‘siq degan ma’noni bildiradi. Ular qadimda binolarda va uy ro‘zg‘or buyumlarida bezak vazifasida qo‘llanilgan. Panjaralar yog‘och taxtachalari, g‘isht, ganch va metall kabilardan quyma va o‘yma shaklda ishlangan. Shuningdek, toshni qalab va o‘yib o‘simlik ko‘rinishida shakl hosil qilib tayyorlangan.
Panjaraning eng ko‘p tarqalgan turi yog‘ochli panjara hisoblanadi. Yog‘ochli panjara ayniqsa, Bibixonim, Amir Temur va Shohi Zinda maqbaralarida nafis ishlangan. Uning ganchli uslubi —ganchning eng yaxshi navidan qolipda quyib yoki tayyor ganch taxtani o‘yib hosil qilingan, so‘ng pardozlangan. Shakli oldin ganch yoki g‘ishtdan qalab tayyorlanib, ustiga koshin qoplangan panjaralar ham bor. Bu turdagi panjaralar namunasini Registon maydonidagi Ulug‘bek, Sherdor madrasalarida ko‘rishimiz mumkin. Bu panjaralar qadimgi fors qurilishi shaklida qo‘llangan bo‘lib ular yozning issiq kunlarida madrasalarda havo kirishi uchun ham xizmat qilgan. Maydondagi bozorga kelgan odamlar esa madrasa ichidagi dars jarayonlarini kuzatishi ham mumkin bo‘lgan. Madrasa hujralaridagi panjaralardan esa xonaga xavo hamda yorug‘lik kirishi uchun foydalanilgan.
Dilnoza G‘aniyeva, Registon ansambli xodimi.