Qo‘shrabotdan topilgan ruboiyning Alisher Navoiyga qanday aloqasi bor?

Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga
Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi bir fotosurat e’tiborimni tortdi. Unda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani Jo‘sh qishlog‘idagi ziyoratgohning qabrtoshi aks etgandi. Diqqqatimni tortgan narsa qabrtoshda naqshlangan bitiklar bo‘ldi. Bu misralar menga juda tanish tuyuldi. Birdaniga Alisher Navoiyning "Majolisun-nafois” tazkirasida o‘qiganlarim yodimga tushdi. Darhol o‘sha kitobni topib, tegishli parchani izlashga tushdim.
Ha, adashmagan ekanman. Bu misralar ushbu asarning yettinchi majlisida, Oqqo‘yunlilar davlati hukmdorlaridan biri Sulton Ya’qub haqidagi fiqrada deyarli bir xil shaklda keltirib o‘tilgan edi:
“Ya’qub Mirzo – turkman salotinida aningdek pisandida zotlig‘ va hamida sifotlig‘ yigit oz bo‘lg‘ay. Darvesh sifat va foniyvash erdi. Bu ruboiy aningdurkim:
Olamki, dar u sabotkam mebinam,
Dar har tarabash hazor g‘am mebinam,
Chun ko‘hna rabotestki, az har tarafash
Rohe ba biyoboni adam mebinam”.
(Tarjimasi: bu olamda sabotni kam ko‘raman, har bir shodligida mingta g‘amni ko‘raman, u bir ko‘hna rabotga o‘xshaydi, uning har tarafidan yo‘qlik sahrosiga olib boruvchi yo‘lni ko‘raman).
Ko‘rib turganimizdek, qabrtoshidagi talqinda “tarab” so‘zi “farah” bilan almashganini e’tiborga olsak, boshqa biror jiddiy tafovut ko‘zga tashlanmaydi.
Keling, shu o‘rinda Sulton Ya’qub shaxsiga biroz to‘xtalib o‘tsak.
XV asrda Yaqin sharq va Kavkazortidagi siyosiy vaziyatlar, hokimiyatlar uchun kurashlar asosan ikki turkiy sulola qoraquyunlilar va oqqo‘yunlilar o‘rtasida kechgan.
Ayovsiz kurashlar so‘ngida davlatni qo‘lga kiritgan oqqo‘yunlilar garchi til va madaniyat nuqtai nazaridan yagona o‘g‘uz (turkman) qavmiga mansub bo‘lishsa-da, qoraqo‘yunlilarga nisbatan adabiyotga, san’atga ko‘proq e’tibor qaratgani bilan ajralib turadi. Bu davrda g‘arbiy turkiy til va bu tildagi adabiyot ham keng rivojlangan. Sulolaning Uzun Hasan, Sulton Xalil (1478), Sulton Ya’qub (1478-1490) singari vakillari ijod ahliga alohida ehtirom bilan qarashgan, ularning o‘zlari ham she’rlar bitishgan. Mamlakat hududidagi Sheroz, Tabriz singari shaharlarda o‘ziga xos madaniy muhit shakllangan. Ma’lumki, Tabriz oqqo‘yunlilar poytaxti bo‘lib, Sheroz shahri madaniyat, ayniqsa, kitobat san’atining markazi sifatida shuhrat qozongan.
Alisher Navoiy oqqo‘yunlilar va qoraqo‘yunlilar tarixi, ularning o‘zaro munosabatlari, siyosati, adabiy muhiti bilan tanish bo‘lgan. “Majolis un-nafois”ning yettinchi majlisida barcha temuriy podshoh va shahzodalar qatorida shu ikki sulola vakillari nomini ham keltirib o‘tadi. Mazkur asarda qoraqo‘yunlilardan Jahonshoh, oqqo‘yunlilardan Sulton Ya’qubni sanab o‘tadi va ularning forsiy she’rlaridan misollar keltiradi.
Sulton Ya’qub Oqqo‘yunli davlatining asoschisi Uzun Hasanning yetti o‘g‘li orasida eng uzoq muddat taxtda o‘tirgan hukmdordir. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 1464 yilda Diyorbakirda tug‘ilgan. 1478-1490 yillarda Oqqo‘yunli davlatining hukmdori bo‘lgan. Mamlakat chegaralarini kengaytirishga harakat qilgan. 1480 yilda Usmoniylar tasarrufi ostida bo‘lgan Urfani zabt etadi. U Shirvon shohi Farrux Yasarning qizi Gavhar Sulton xonimga uylangan, juda ko‘p harbiy yurishlardaa qaynotasiga yordam bergan. 1490 yilda 24 dekabr kuni sirli ravishda o‘lim topgan.
Navoiy «Majolis un-nafois»da boshqa bir qancha shoirlar haqida so‘z yuritgan paytida ham Sulton Ya’qubni tilga olgan. Masalan, mazkur asarning oltinchi majlisida Xurosondan tashqarida yashab ijod qilgan shoirlar haqida so‘z yuritarkan, sovalik Qozi Iso degan shoirga Sulton Ya’qub tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor haqida aytib, bir podshoh o‘z yaqinlaridan hech biriga bu qadar yuksak e’tibor qaratmaganini yozadi. Uning hamyurti va qarindoshi Shayx Najm ismli shoirga ham Sulton Ya’qub alohida g‘amxo‘rlik qilganini, faqat Shayx Najm qarindoshiga qaraganda ancha xokisor, kamtarin, faqir va miskinlarga g‘amxo‘rlik qilganini yozadi.
Boburning yozishicha, Navoiyning zamondoshi, fors-tojik mumtoz adabiyoti vakili Kamoliddin Binoiy ham bir muddat Tabrizda, sulton Ya’qub huzurida yashagan. Bu ushbu hukmdor nafaqat o‘z yurti, balki qo‘shni hududlardan borgan ilm va ijod ahliga ham alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatganidan darak beradi.
Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida o‘zining yutuqlaridan haqli ravishda faxrlanib, shu misralarni bitgan edi:
Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson
Xuroson demakim, Sherozu Tabriz,
Ki qilmishdur nayi kilkim shakarrez.
Bu she’riy parchadan ayon bo‘lishicha, o‘z davrida Xito (Sharqiy Turkiston)dan to Eronning g‘arbiy qismi (Sherozu Tabriz)gacha bo‘lgan hududda yashagan xalqlar Navoiy ijodidan bahramand bo‘lgan.
Ma’lumki, oqqo‘yunlilar davlati bugungi kunda Ozarbayjon tarixining tarkibiy qismi sifatida o‘rganiladi. Bu davlatda adabiy asarlar asosan ikki tilda – o‘g‘uz turkchasi va forsiyda bitilgan. Biroq ko‘pgina ozarbayjonlik tadqiqotchilar bu davrda yashagan bir qator Ozarbayjon shoirlarining eski o‘zbek tilida ham ijod qilganini ta’kidlaydi. Bunga esa, shubhasizki, Alisher Navoiy ijodi katta ta’sir ko‘rsatgan.
Navoiy bilan deyarli bir paytda oqqo‘yunlilar davlati poytaxtida yashagan xorazmlik kotiblar sulolasining vakili Abdurrahim Xorazmiy (Anisiy) ham Navoiy hayoti va shaxsiyatini oqqo‘yunlilar bilan bog‘lab turgan muhim tarixiy shaxslardan biridir. Ushbu kotib tomonidan 1471 yilda Navoiyning 229 ta she’rini o‘z ichiga olgan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” o‘g‘uz lahjasiga moslab ko‘chirilgan.
Bugungi kunda Qohira shahridagi Misr milliy kutubxonasida saqlanayotgan ushbu nodir qo‘lyozmaning aniqlanishi va o‘rganilishi filologiya fanlari doktori A.Erkinov nomi bilan bog‘liq.
Abdurrahim Xorazmiy – Anisiy ham umrining ma’lum qismini Tabrizda, sulton Ya’qub saroyida o‘tkazgan, shu yerda ko‘pgina buyuk shoirlarning asarlari qatorida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy asarlarini ko‘chirgan.
Anisiy dastxatiga mansub bugungi kunga qadar yetib kelgan nodir qo‘lyozmalardan biri Alisher Navoiy she’rlari orasidan saralangan saylanmadir. Chamasi, Anisiy Alisher Navoiyning baytlaridan iborat saylanma tuzib, Sulton Ya’qubga tuhfa qilgan. Mazkur qo‘lyozma 1481 yilda Tabrizda ko‘chirilgan. Alisher Navoiy she’rlari kirgan mazkur to‘plam shartli tarzda “Sulton Ya’qub saylanmasi” deb ataladi.
Xo‘sh, endi yuqorida tilga olingan qabrtosh va unda darj qilingan ruboiyga qaytaylik.
Samarqand viloyati markazidan qariyb 150, Qo‘shrabot tumani markazidan 45 kilometr uzoqlikdagi Yuqori Jo‘sh mahallasida olti asrlik tarixga ega “Jo‘sh ota” jome masjidi joylashgan. Anchayin eskirib, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan jome masjid va uning yonidagi “Bobojo‘sh” maqbarasida 2019 yilning mart oyida “Obod qishloq” dasturi asosida qayta rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan.
“Turonzamin aziz-avliyolari va va ulamolari tazkirasi” kitobida ham bu qadamjo va unda dafn qilingan Jo‘sh ota haqda aniq ma’lumot uchramaydi. Mualliflar Abdulkarim as-Sam’oniyning “al-Ansob” asaridagi ma’lumotlarga tayanib, bu yerda dafn qilingan shaxs Abu Bakr Muhammad as-Surmoriy az-Zushiy an-Nuriy bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan. U kishi Samarqandda Abu Ahmad Abdurahmon ar-Rig‘damuniydan hadis ilmi bo‘yicha tahsil olgan. Mualliflar fikricha, Zush aynan hozirgi Jo‘sh qishlog‘i bo‘lishi mumkin.
Yaqinda ushbu maqbaradagi qabrtoshi va undagi bitiklar bilan tanishish maqsadida Qo‘shrabotga bordim. Jo‘sh qishlog‘idagi qadamjo ham viloyat, ham tuman markazidan ancha olisda, tog‘ yonbag‘rida joylashgan. Eski qabrtosh tepalikdagi masjid ayvonining g‘arbiy qismidan o‘rin olgan. U taxminan 220x60 santimetr kattalikka ega. Tosh sathidan yuqorida biz tilga olgan ruboiydan tashqari yana bitta ruboiy va bir to‘rtlikni aniqlab, o‘qishga muvaffaq bo‘ldim.
Qabrtoshining narigi tarafida “katabahu Mahmud an-Nuriy...” jumlalari, ya’ni ushbu xatlarni bitgan kotib nomi bitilgan. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: unda narigi tomonda nomi bitilgan Muhammad al-Hiravmiy kim? Shunchaki sangtaroshmi? “Katabahu...” (buni yozdi) deyilganda, ruboiyning muallifi nazarda tutildimikin? Agar muallifi nazarda tutilgan bo‘lsa, nima uchun unda Sulton Ya’qub nomi ko‘rsatilmagan?
Qabr tepasida yaqinda o‘rnatilgan lavhada “ushbu qabr “Jo‘sh ota” ya’ni Mahmudxo‘ja o‘g‘li Boboxo‘jaga mansub. Uning tavalludi milodiy 1166 yil ekanligi e’tirof etilgan. Muhammadxo‘ja (?) esa, Yassaviy tariqatining asoschisi va mashhur hikmatnavis hazrat Ahmad Yassaviyning xos shogirdi, ulug‘ avliyo Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy va Anbar onaning bosh farzandidir, Boboxo‘ja esa, u zotning o‘g‘lidir” deb yozilgan.
Qabrtoshida esa bu yerda dafn qilingan inson haqida hech qanday ma’lumot uchramaydi. Faqat undagi 915 sanasi hijriy milodiy 1510 yilni anglatadi.
Bizni eng hayratga solgani, albatta, ko‘pgina manbalarda Sulton Ya’qubga tegishli deb topilgan ruboiyning ushbu qabr toshidan o‘rin olganidir. Internet manbalarda bu yodgorlik haqida boshqa tayinli ma’lumot uchramaydi. Eng qizig‘i, bu ruboiyning ushbu maqbaraga qanday aloqadorlik joyi bor? Ruboiy mohiyatan dunyoning o‘tkinchiligi, hayotning bebaqoligini aks ettirgani uchungina bu qabrtoshiga yozildimikin?
Qadamjo joylashgan mazkur hudud hech qachon Oqqo‘yunlilar davlatiga tobe bo‘lmagan. Biroq, toshbitik Sulton Ya’qub o‘limidan 20 yilcha vaqt o‘tganidan keyin yozilgan. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, Sulton Ya’qubning she’rlari o‘sha davrlarda Samarqandgacha yetib kelgan.
Hirotlik tazkiranavis va tarjimon Faxriy Hiraviy o‘zining “Ravzat us-salotin” tazkirasida ham sulton Ya’qub haqida to‘xtalarkan, Navoiy keltirgan ma’lumotlarni takrorlab, uning yana bir g‘azalidan parcha keltiradi:
Shohi Hirot chun zi dilu jon muhibbi most,
Xoxam zadan ba taxti Samarqand borgoh.
Ushbu misralar Sulton Ya’qubga Hirot shohi (Husayn Boyqaro bo‘lsa kerak – R.J.)ning mehri baland bo‘lganidan, uning o‘zi esa Samarqand taxtini egallashdan umidvor bo‘lganidan darak beradi.
Bu ruboiy aynan Sulton Ya’qubga tegishli ekani Som Mirzo Safaviyning “Tuhfai Somiy”, Nuriddin Koshoniyning “Tarixi Keshikxonai Humoyun”, Lutf Alibek Ozarning “Otashkada”, Mir Taqiyiddin Koshoniyning “Xulosatul-ash’or va zubdatul-afkor” asarlarida tilga olinadi.
Biroq, bu fikrni inkor qiluvchilar ham bor. Jumladan, eronlik taniqli faylasuf olim Orash Naroqiy o‘zining “Umar Hayyom va Malono Rumiy ijodida borliq va yo‘qlik masalalari” maqolasida bu ruboiyni Hayyomga nisbat beradi.
Xo‘sh, Qo‘shrabot tumani hududidagi “Jo‘sh ota” maqbarasida bu ruboiy nima maqsadda, kim tomonidan yozildi? Bu ruboiy o‘z davrida shu qadar katta shuhratga ega bo‘lganmidi? Bu savollarga hozircha javob topilgani yo‘q. Tadqiqoqtlarimiz davomida ushbu masalaga yanada ko‘proq oydinlik kiritishga harakat qilamiz.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori.