Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi 3-tug‘ruqxona boshqa joyga ko‘chadi

Bu Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning 2020 yil 1 iyulda qabul qilingan qarorida belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 25 iyunda “Samarqand viloyatidagi ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qarorga ko‘ra, viloyatdagi bir qator ijtimoiy soha ob’yektlari boshqa joyga ko‘chirilmoqda, ularning bo‘sh turgan binolaridan samarali foydalanish choralari belgilandi.

Jumladan,

Samarqand shahridagi 3-tug‘ruq bo‘limi Samarqand tumanidagi agrosanoat kasb-hunar kolleji bino va inshootlari tibbiyot muassasasiga moslashtirilgan holda ushbu maskanga ko‘chiriladi. Tug‘ruqxona bino va inshootlari esa Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialiga beriladi.

Samarqand shahridagi viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri Samarqand tumanidagi agrosanoat kasb-hunar kolleji hududida barpo etiladigan yangi binoga ko‘chiriladi. Dispanserning hozirgi bino va inshootlari yangi bino qurish evaziga tashabbuskor investorga beriladi.

L.M.Isayev nomidagi tibbiy parazitologiya ilmiy-tekshirish instituti uchun Samarqand tumanidagi “Guliston” massivi hududida qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlardan bino va inshootlar quriladi. Institut hozir joylashgan bino va inshootlari, yer maydoni bilan birgalikda kelgusida samarali foydalanish uchun Samarqand shahar hokimligiga beriladi.