Samarqand viloyati hokimligining “oltin zaxirasi” kimlar va ularga qanday talablar qo‘yilgan?

Dunyoning taraqqiy etgan davlatlari rivojlanish tarixiga nazar solsak, ular yoshlarning bilim olishiga katta investitsiya kiritganiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Janubiy Koreya va Yaponiya taraqqiyoti jarayonida ta’limni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, o‘qituvchining obro‘-e’tibori va nufuzi oshirilgan. Singapur davlati ham mamlakat yoshlarining bilim olishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilgan. Ushbu mamlakatga uzoq yillar boshchilik qilgan mashhur davlat arbobi Li Kuan Yu ishni shunday tashkil qilganki, davlat byujetining katta qismini ta’lim sohasiga yo‘naltirgan. Ular ilm, axloq, mehnatni sevadigan, haqiqatni qadrlaydigan yangi, vatanparvar, ayni chog‘da kamtarin avlodni tarbiyalab, kamolga yetkazdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ham ta’lim sohasiga, yoshlarning ilm egallashlari va shu sohada mehnat qilayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bularning barchasidan ko‘zlangan maqsad yagona – zamonaviy fikrlaydigan, bilimli, o‘z sohasini puxta egallagan mutaxassis kadrlar tayyorlash va shu orqali mamlakat taraqqiyotini jadallashtirish.

Bugun ana shunday avlod kamolga yetmoqda va ularni to‘g‘ri yo‘naltirish, bilim va malakasidan samarali foydalanish maqsadida viloyat hokimligi tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlarining eng iqtidorli 331 nafar bitiruvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Samarqand viloyati hokimligining “Oltin zaxirasi” deb aytilayotgan bu bitiruvchilar viloyatimizdagi 7 oliy o‘quv yurti tomonidan bilimi, iqtidori, rahbarlik va liderlik qobiliyati hisobga olingan holda 7 ming nafardan ko‘proq bitiruvchilar orasida 10 ballik baholash tizimi asosida saralangan. Ular viloyat hokimligi kadrlar zaxirasiga olinib, tuman va shaharlar hamda mutaxassisliklar kesimida tahlil qilindi.

Bugungi kunda viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni amalda bajarish uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmaga hamda yuqori darajada boshqaruv mahoratiga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda.

Endilikda davlat organlari va tashkilotlarida lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlar saralab olinadi.

Bunda “meritokratiya” tamoyillariga amal qilinadi.

Meritokratiya nima?

Meritokratiya ("Munosiblar hokimiyati, xizmat (mehnat) qilib erishilgan hokimiyat", lotincha meritus "munosib, loyiq", yunoncha kratoc "hokimiyat, boshqaruv", degan ma’nolarni bildiradi) boshqaruv prinsipi shuni anglatadiki, unga ko‘ra ijtimoiy kelib chiqishi, moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar, eng qobiliyatli, eng munosib kadrlar rahbarlik lavozimlarini egallashlari kerak.

Meritokratiya asosan ikki ma’noda ishlatiladi. Ushbu atamaning birinchi ma’nosi, taniqli iste’dodlar orasidan rahbarlar tayinlanadigan tizimga mos keladi (bunday tizim asosan aristokratiya va demokratiyaning teskarisi). Ikkinchi keng tarqalgan ma’nosi, ob’yektiv iqtidorli va mehnatkash odamlar uchun boshlang‘ich shart-sharoitlarni yaratishni o‘z ichiga oladi, shunda kelajakda ular yuqori ijtimoiy mavqeni egallash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Meritokratiya tushunchasi o‘zi asrlar davomida mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, masalan, Konfutsiy falsafasi doirasida birinchi marta nemis-amerika faylasufi Xanna Arendtning 1954 yilda yozilgan “Ta’lim inqirozi” asarida ishlatilgan.

Bir necha yil o‘tganidan keyin ingliz siyosatchisi va sotsiologi Maykl Yang tomonidan “Meritokratiyaning yuksalishi” satirik asarida kelajak jamiyati tasvirlangan va unda jamiyatning o‘rni tafakkur koeffetsenti (IQ)  bilan baholanadi.

Demak, nomzodlarni saralab olishda ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqei bo‘yicha kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shaxsiy va kasbiy fazilatlari, iqtidori, bilimi, tajribasi bo‘yicha eng munosib kadrlar davlat organlari va tashkilotlariga ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

Yana bir yangilik barcha tuman va shaharlar hokimliklari, sektor rahbarlari tomonidan har haftaning seshanba kuni hokimliklardaYoshlarni ish bilan ta’minlash kuni”, deb e’lon qilindi va har bir tuman, shahar hokimliklarida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi zamonaviy boshqaruvda, faoliyatni to‘g‘ri va samarali tashkillashtirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bundan tashqari hozirgi kundagi rahbarlarning eng katta muammolari - bu vaqtni boshqarish yoki taym-menejment.

Tasavvur qiling, qisqa muddat ichida rahbariyat tomonidan bir qator topshiriqlar berildi. Ularning barchasini bajarish kerak. Biz qanday qilib qisqa muddatlarda bajaramiz va shu kabi holatlar yuzaga kelsa, qanday qilib vaziyatdan to‘g‘ri chiqishimiz mumkin? Taym-menejment bizga aynan shu holatlarda eng to‘g‘ri yo‘lni tanlashda yordam beradi.

Budan tashqari, SVOT tahlil metodi tushunchasi mavjud bo‘lib, ushbu tahlilda mavlum bir g‘oya, taklif yoki muammoni yechish usullari SVOT tahlili orqali amalga oshiriladi.

Bunda, kuchli va zaif tomonlar, imkoniyatlar va xatarlar tahlil qilinadi.

Viloyat hokimligi zaxiraga olingan yosh mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand filialida malaka oshirish kurslariga jalb qilish orqali o‘qitib borishni ham rejalashtirgan.

B.RAHMATULLAYeV,

Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari.