Samarqandda “Aral dream” nomli ko‘rgazma ish boshladi

Samarqand viloyat davlat muzey-qo‘riqxonasida respublikamizning yetti hududidan kelgan rassomlar ishtirokida “Aral dream” (Orol orzu) ko‘rgazmasi namoyish etilyapti.

Ko‘rgazmaning maqsadi – Orolbo‘yi hududi atroflarida yashayotgan xalqlarning an’analari, kundalik turmush tarzi va bayramlarini abadiylashtirish, qolaversa, yangi sayyohlik marshrutini ochish va rivojlantirishdan iborat.

- Orolbo‘yida muntazam sayyohlar oqimi mavjud, - deydi Urganch shahar “O‘zbekiston” zamonaviy san’ati muzeyi direktori Shirin Tosheva. – Joriy yil yoz oyida respublikamizning bir guruh rassomlari Orol dengizida bo‘ldik. Mo‘ynoq shaharchasida bir muddat yashab, Orolbo‘yining tabiati, ekologiyasi, aholining yashash tarzi va urf-odatlarini rasmlarda aks ettirdik. O‘ylaymizki, ushbu ko‘rgazma Orol dengizi hududida ham sayyohlikning yangi nuqtalari rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma ikki hafta davom etadi.