Bizni kuzating

Samarqandda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlandi

11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Samarqand shahrida bayram tadbiri tashkil etildi.

Unda viloyatdagi kasaba uyushmalari faollari, mehnat faxriylari hamda turli soha vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, kasaba uyushmalari a’zolari va faxriylarini samimiy tabrikladi. Tadbirda ishchi-xodimlarning manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda kasaba uyushmalarining o‘rni va ahamiyati katta ekanligi ta’kidlandi.

Ayni paytda Samarqand viloyatida 4212 ta kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyat yuritib, 800 mingga yaqin xodim va talaba-yoshlarni o‘z safiga birlashtirgan. Ushbu tashkilotlar a’zolarning mehnat, ijtimoiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ularning munosib mehnat sharoitlarida faoliyat yuritishini ta’minlash yo‘lida izchil ishlar olib bormoqda.

Bayram tadbirida kasaba uyushmalari tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, o‘zining fidokorona mehnati bilan namuna bo‘layotgan bir guruh soha vakillari va mehnat faxriylariga tashakkurnomalar topshirildi.