Talabaning «raqamli pasporti» – muvaffaqiyat kafolati

Samarqand asrlar davomida dunyoga ilm nurini taratgan bo‘lsa, bugun bu nur yangicha shaklda – iqtisodiy tafakkur va innovatsion ilm-fan ko‘rinishida qayta uyg‘onmoqda. Oliy ta’lim tizimidagi bugungi islohotlar bizning Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali uchun shunchaki o‘qitish tizimi emas, balki mintaqa iqtisodiyotining haqiqiy «drayveri»ga aylanish uchun tarixiy imkoniyatdir.

Biz o‘z faoliyatimizni «5T» tamoyili – ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish asosiga qurmoqdamiz. Bu tizimda talaba faqat nazariy bilim oluvchi shaxs emas, balki o‘z g‘oyasini bozorda sota oladigan, ilmiy klasterlar orqali ishlab chiqarish va turizm sohalariga innovatsiya olib kiradigan professionalga aylanadi.

Endilikda oliygohimiz faoliyati faqat raqamlar bilan emas, balki bitiruvchilarimizning bandligi va ularning mehnat bozoridagi nufuzi bilan o‘lchanadi. Oliy ta’limni natijadorlikka asoslangan holda moliyalashtirish tizimi bizni har bir dars sifatini oshirishga va xalqaro e’tirof etilgan universitetlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishga undaydi. Samarqandning xalqaro ta’lim xabiga aylanishi, xorijiy professorlarning jalb etilishi va «Study in Uzbekistan» grantlari orqali chet ellik yoshlarning bizda tahsil olishi mintaqaviy iqtisodiy maktabimizning yangi qirralarini ochadi.

Bu jarayonda raqamli texnologiyalar asosiy qurolimizdir. HEMIS tizimi va DataHub texnologiyalari asosida yaratiladigan talabaning «raqamli pasporti» ish beruvchilar uchun shaffoflik va yuqori kafolat beradi.

Biz nafaqat zamonaviy iqtisodchilarni, balki yurt taqdirini yelkasida ko‘tara oladigan, dunyo bilan bo‘ylasha oladigan vatanparvar shaxslarni tarbiyalashni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz. Samarqand iqtisodiy maktabi yana dunyo nigohida bo‘ladi, zero ilm bilan sug‘orilgan iqtisodiyot hech qachon zavol bilmaydi. Sifatli ta’lim va kuchli iqtisodiyot – biz intilayotgan buyuk kelajakning mustahkam poydevoridir.

Kamoliddin Shodiyev,
TDIU Samarqand filiali iqtisodiyot fakulteti dekani, PhD.