Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorijdan zotdor chorva mollari keltirildi: Endi naslchilik rivojlanadimi?

Samarqand viloyatida chorvachilik yo‘nalishida 1560 ta, parrandachilikda 72 ta hamda baliqchilik yo‘nalishida 458 ta sub’yekt faoliyat yuritmoqda. 698 ta qoramolchilik xo‘jaliklarida 53 ming 271 bosh chorva mollari boqilmoqda. Joriy yilda esa 100 dan ortiq naslchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarimiz xorijdan 1500 ming boshga yaqin zotdor chorva mollari keltirishdi.

Jumladan, Narpay tumanidagi "Rahimjon Rajabov chorvasi" fermer xo‘jaligi Xalq banki Narpay filialining 830 million so‘mlik moliyaviy ko‘magi bilan Estoniyadan 60 bosh naslli g‘unajin, Samarqand tumanidagi "N.K.Mramor" fermer xo‘jaligi ham Estoniya davlatidan "Qizil Eston" zotli 54 bosh naslli qoramol keltirdi.

Narpay tumanida mavjud 41 ta chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining 2 tasi naslchilikka ixtisoslashgan. O‘tgan yili xorijdan 359 bosh naslli chorva mollari keltirildi va hozirda naslchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda 480 bosh zotdor chorva mollari boqilmoqda. Joriy yilda tumanda chorvachilik yo‘nalishida 11 milliard 300 million so‘mlik 13 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Samarqand tumanida chorvachilik yo‘nalishidagi 38 ta sub’yektning 14 tasi naslchilik xo‘jaligi hisoblanadi. Joriy yilning 9 oyida tirik vaznda 4 ming 376 tonna go‘sht, 3 ming 449 tonna sut mahsulotlari iste’molchilarga yetkazib berildi.

O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.