XXI asr bolasi: Ota-onalar ularni nazorat qila oladimi?

Bolaligimizda qachon ko‘chaga chiqamizu, uyga qaytamiz, qachon televizor ko‘rib, kitob o‘qiymiz, telefonda kim bilan gaplashamiz bularning barchasi ota-onamiz nazoratida bo‘lar edi. Ammo keyingi paytda yoshlarni nazorat qilish ancha mushkul bo‘lib qoldi. Chunki bugun dunyo raqamli olamga aylanyapti. Ayniqsa, yoshlarning raqamli olam sir-asrorlariga tez moslashayotganliklari XXI asr bolalari to‘laqonli raqamli bolalarga aylanib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Quyida yoshlarni elektron qurilmalarga bog‘lanib qolishning oldini olish, telefondan foydalanish yoshi, umuman, ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy va salbiy tomonlari xususida mutaxassislar bilan fikrlashdik.

Yoshlar telefondan foydalanishni do‘stidan emas, ota-onasidan o‘rgansin

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 27 milliondan oshgan, shundan 25 milliondan ko‘pi mobil internet foydalanuvchilari. Ularning aksariyatini esa 45-50 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Undan yuqori yoshdagilar esa internetdan deyarli foydalanmaydi yoki smartfon ishlatishni tushunmaydi.

- Hozirgi zamon yoshlaridan qiziqishi va sevimli mashg‘ulotlari haqida so‘rasangiz, 70 foizi kompyuter texnologiyalari, internetga bo‘lgan qiziqishi va do‘stlar bilan suhbatlashishni birinchi o‘rinda tilga oladi, - deydi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, dotsent Faxriddin Shodiyev. - Bu esa ularning ijtimoiy tarmoqqa bog‘lanib qolganini ko‘rsatmoqda.
Hozir dunyo bo‘ylab bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarga qo‘yilayotgan nevroz, nutq muammolari, rivojlanishning sustlashishi kabi tashxislarning negizida kompyuter, planshet, telefon va shunga o‘xshagan elektron qurilmalar sabab bo‘lmoqda. Bolalarning mobil telefondan qaysi yoshda foydalanishi, uni ishlatishga ruxsat berilgan vaqti ota-ona nazoratida bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik ota-onalar farzandining yosh bo‘lishiga qaramay, uyali telefondan bemalol foydalana olishini ko‘rib, xursand bo‘lishini aytadi. Lekin ularning aksariyati bolalari telefon orqali nimalar bilan mashg‘ulligini bilmaydi, to‘g‘rirog‘i, nazorat qilmaydi. Bolakay esa qo‘lida telefon, istagan, qiziqqan ma’lu¬motlarini o‘rtoqlaridan ko‘chirib olishi va undan “zavq¬lanishi” mumkin. Shu tariqa, telefonga tushgan har xil bema’ni, yoshiga mos bo‘lmagan ma’lumotlar ham bolaning ongini zaharlamoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mobil telefon funksiyalarini boshqarish bo‘yicha boshlang‘ich tushunchalar 11 yoshdan o‘rgatilishi kerak. Undan foydalanish uchun mos yosh esa 16 yoshni tashkil etadi. Bu yoshdagi bolalarda axborotni saralash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Biroq bugun 11 yoshli bolalarning yarmi allaqachon o‘z telefonlariga ega. Bu o‘n ikki yoshdagilar uchun 75 foizgacha o‘sadi, 14 yoshdagi bolalarda bu ko‘rsatkich 90 foizni tashkil qilmoqda.
Yoshlarning ijtimoiy tarmoq haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay turib, undan foydalanishi natijasida turli ko‘ngilsizliklar yuzaga keladi. Shunday ekan, bolalarni yoshini hisobga olib, mobil telefon nega kerakligini so‘rash muhim. Bola ma’lum yoshga yetganda esa telefondan foydalanishni do‘sti yoki tanishidan emas, ota-onasidan o‘rganishi kerak. Zarurat tug‘ilsa, bog‘cha yoki maktabda tarbiyachi va o‘qituvchilarning telefonidan foydalanishi tavsiya etiladi.
Farzandingizga o‘rnak bo‘ling
Sitora Ummatova, SamDU psixologiya o‘qituvchisi:
- Keyingi paytda internet yoshlar uchun bosh tarbiyachiga aylanib bormoqda. Hozir to‘rt-besh yashar bola ham telefondan, kompyuterdan bemalol foydalanyapti, ertadan-kechgacha turli o‘yinlar o‘ynayapti yoki jangari filmlar ishtirokchisiga aylanyapti. Natijada ota-ona va farzand o‘rtasidagi oilaviy munosabatlar buzilishiga, bolalar ko‘proq ota-onasiga emas, balki mobil qurilmalarga bog‘lanib, yot g‘oyalarga va qimor o‘yinlar ta’siriga tushib qolmoqda.
Agar farzandingiz elektron qurilmalarga mukkasidan ketsa yoki unga o‘rganib qolsa, u holda bolaga nisbatan keskin choralar ko‘rmasdan, bolani chalg‘itish yo‘llarini topish tavsiya etiladi Bunda, ota-ona va kattalar bolaga namuna bo‘lishi kerak. Ya’ni, zarurat bo‘lmasa telefondan foydalanmaslik, bolani yoshiga qarab ijodiy o‘yinlar - qo‘g‘irchoq teatri, shaxmat-shashka, yengil sport o‘yinlari tashkillashtirish kerak.

Shuningdek, boladan uy yumushlarini bajarishda yordam so‘rash, birga sayr va suhbat qilganda tabiatdagi o‘zgarishlar, atrofdagi voqealar haqida suhbatlashish, savollariga javob qaytarish, ertak kitoblar o‘qib berish, qiziqarli multfilmlar qo‘yib berish, uni qahramonga aylantirish va turli rasmlar chizishga o‘rgatilsa, bolalar virtual qurilmalarga emas, balki ota-onasiga suyanishi mumkinligini his qiladi.
Internetning “oq” va “qora”sini bilasizmi?
- Keyingi paytda “o‘rgimchak to‘riga ilingan” ayrim yoshlarning o‘qish va ishga munosabati o‘zgarib, hayotga befarqligi kuchayib borayotganligi haqiqat, - deydi xalqaro toifadagi media ekspert – Beruniy Alimov. - Internetni bejizga o‘rgimchak to‘riga o‘xshatishmagan. Chunki tarmoq domiga bir marta tushgan odamni, agar u aqlini ishlatmasa, o‘z girdobiga tortib olishi turgan gap. Muammoning ijtimoiyligi ham ana shunda.
Keyingi 10-15 yil davomida dunyo matbuotida eng ko‘p muhokama qilinib kelinayotgan masalalardan biri – bu internetning yoshlar auditoriyasiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganligi bilan bog‘liq. Tarmoqni ayrim xorijiy ekspertlar majoziy ma’noda o‘tkir boltaga o‘xshatishadi. Chunki obrazli qilib aytganda bolta yordamida qurigan daraxtni chopib, undan o‘tin tayyorlash mumkin yoki aynan shu bolta bilan gullab-yashnab turgan, yam-yashil daraxtni yakson qilish ham mumkin. Shu sababdan jahon tarmog‘ini faqat maqtash yoki aksincha uni qoralash mantiqsiz ishga o‘xshaydi.
Yoshlar Internetga ishonib jiddiy kitoblarni o‘qimay qo‘yishdi, ularning bilimi sayozlashib ketmoqda, deb jon kuydirayotgan pedagoglarni yaxshi tushunamiz, albatta. Ota-onalarning farzandimning ko‘p vaqtini internet o‘g‘irlab qo‘ymoqda qabilidagi xavotirlari ham asossiz emas.
Ushbu masalada yoshlarning fikrlarini bevosita o‘rganishga harakat qildik.
Xo‘sh, ularning o‘zlari internetni zarar deb bilishadimi yoki foydali? O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultutetining 2-bosqich talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan kichik so‘rovnoma natijasida turli xil javoblarni oldik.
Ahamiyatli tomoni shundaki, respondentlar internetning bir paytning o‘zida ham ijobiy, ham salbiy tomonlari borligini qayd etishdi.
Talabalarning fikriga ko‘ra, Internetning ijobiy tomonlari quyidagilar: uning yordamida tezkor xabarlardan bahramand bo‘lish, darslar va seminarlarga tayyorgarlik ko‘rish, fanlar bo‘yicha qiziqtirgan barcha savollarga javob topish mumkinligi, iterfaollikning mavjudligi, turli sohalarga oid foydali ma’lumotlar, darsliklar, adabiyotlar, elektron kitoblar borligi, do‘stlar bilan qulay va arzon kommunikatsiya vositasi ekanligi, uning yordamida kundalik ishlarga ketadigan ortiqcha vaqtni tejash mumkinligi, yaxshi ko‘rgan teledastur, kinofilm va konsertlarni ma’qul paytda tomosha qilish mumkinligi va hokazo.
Internetning salbiy jihatlari haqida esa quyidagi fikrlar bildirildi: yolg‘on xabarlarning ko‘pligi, ma’lumotlarning to‘g‘riligi yoki haqqoniyligini aniqlashning qiyinligi, axborot spekulyasiyasi mavjudligi, odamlarning o‘zaro muloqoti davomida ba’zan etika normalarining qo‘pol ravishda buzilishi, o‘ylamasdan qilingan ayrim harakatlarning orqaga qaytarib bo‘lmasligi, qoldirilgan ba’zi noo‘rin postlarni o‘chirib bo‘lmasligi, yomon kuchlarning internetdan targ‘ibot maydoni sifatida foydalanishlari, misol uchun aqidaparastlik g‘oyalarining yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishi, «ko‘k kit» kabi o‘yinlarning fojeali oqibatlari, shuningdek, xakerlik xurujlari, shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi, virus va boshqa texnik tahdidlarning mavjudligi.
Demak, bugungi yoshlarimiz internetning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki jihatini, ya’ni uning “oqi va qorasi”ni yaxshi idrok etmoqdalar.
Bundan ko‘rinadiki, jahon tarmog‘idan samarali foydalanish, unda yoshlar auditoriyasiga foydali bo‘lgan milliy segmentni yanada chuqurlashtirish, ular uchun bilim va professional ko‘nikmalarni boyitish yuzasidan yangi imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida ko‘proq bosh qotirish davri keldi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.