1 maydan elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirilishi rejalashtirilmoqda
Joriy yilning 1 mayidan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz narxlari oshirilmoqda, energiya iste’molining ijtimoiy standartlari joriy etilmoqda.
O‘zbekistonda energiya resurslari narxlarini liberallashtirish va ularni iste’mol qilishda ijtimoiy normalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1 maydan boshlab energiya iste’moli uchun ijtimoiy normaning o‘lchamlari elektr energiyasi — oyiga 200 kVt/soatgacha, gaz (martdan oktyabrgacha) — 100 kub metrgacha, gaz (noyabrdan fevralgacha isitish mavsumida) — 500 kub metrgacha etib belgilanmoqda.
Energiya iste’molining ijtimoiy normasi deganda aholi tomonidan imtiyozli tarif bo‘yicha to‘lanadigan ma’lum miqdordagi energiya tushuniladi. Ya’ni, ma’lum bir me’yorgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda sotiladi va bu me’yordan yuqori bozor narxlarida sotiladi.
Yangi tariflarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda va markazlashtirilgan tarzda oziq-ovqat tayyorlash uchun elektr plitalar bilan jihozlangan yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun tarif oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ijtimoiy norma doirasida 147,5 so‘mdan 225 so‘mga oshirmoqda.
Oyiga 201 dan 1000 kVt/soatgacha 450 so‘mga, 1000 dan 5000 kVt/soatgacha 675 so‘mga, 5000 dan 10 000 kVt/soatgacha 787,5 so‘m, 10 ming kVt.soatdan yuqorsiga 900 so‘mga oshiriladi.
Boshqa maishiy iste’molchilar uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi oyiga 200 kVt/soatgacha iste’mol qilinganda 295 so‘mdan 450 so‘mga, oyiga 201 dan 1000 kVt/soatgacha 900 so‘mga, 1000 dan 5000 kVt/soatgacha 1350 so‘mga, 5 000 dan 10 000 kVt/soatgacha 1575 so‘mga, 10 ming kVt dan ortiq 1 800 so‘m oshiriladi.
Noyabrdan fevralgacha isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi gaz iste’moli 500 kub metr chegarada bo‘lganida 380 so‘mdan 650 so‘mga, 500 dan 2500 kubometrga 1500 so‘mga, 2 500 dan 5 000 kub metrgacha1950 so‘mga, 5 000 dan 10 000 kub metrgacha 2 275 so‘mga, 10 ming kub metrdan yuqorisiga 2 600 so‘mga oshiriladi.
Mart-oktyabr oylarida 100 kub metrgacha gaz iste’moli uchun tariflar 650 so‘m bo‘ladi. 101 dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘m, 2500 dan 5000 kub metrgacha 1950 so‘m, 2600 dan 10 000 kub metrgacha 2275 so‘m, 1000 kub metrdan yuqorisiga 2700 so‘mdan to‘lov amalga oshiriladi.
Hisoblagichlar yo‘q bo‘lganda ovqat tayyorlash va issiq suv ta’minoti uchun beriladigan gazning bir kub metri 660 so‘mdan 1200 so‘mga (+81,8 foiz), isitish uchun 380 so‘mdan 700 so‘mga (+84,2 foiz) oshadi.
Aholiga suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 1120 so‘mdan 1600 so‘mga (+42,8 foiz) oshadi.
Joriy yilning 1 iyulidan avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalariga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga (+12%) oshadi.