100 dan ortiq Ukraina dronlarining Rossiyaga hujumi. Tramp Putin bilan tezda uchrashmoqchi. Bangkokda maktablar yopildi
🔹 24 yanvarga o‘tar kechasi Ukrainaning 100 dan ortiq uchuvchisiz qurilmalari Rossiyaning bir necha hududiga hujum qildi. Xususan, havo hujumi oqibatida Ryazandagi neftni qayta ishlash zavodi va Novorijanskaya issiqlik elektr stansiyasi, hatto turar-joy binosida portlash va katta yong‘in sodir bo‘lgan.
🔹 Kaliforniya hukumati yong‘inlarga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun 2,5 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi.
🔹 Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 7-muddatga o‘z nomzodini qo‘ydi. Saylovlar yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. 2020 yilgi saylovda u 80 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgan va bu bir necha oylik ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lishiga olib kelgan edi. "Bu safar Lukashenko namoyishchilar ko‘chaga chiqmaydi, degan umidda saylovlarni issiq avgustdan sovuq yanvarga qoldirdi", deb yozadi Euronews.
🔹 AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan darhol uchrashmoqchi. Shuningdek, Tramp Vladimir Zelenskiy unga Ukraina mojarosini tugatish bo‘yicha bitim tuzishga tayyorligini aytganini jurnalistlarga ma’lum qildi. Rossiya esa AQSh bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga yon bosmoqda. "Biz (AQSh bilan) gaplashishimiz kerak, ammo vaqt katta darajada boy berildi", deb hisoblaydi Peskov.
🔹 Keyingi kunlarda G‘azo sektoriga gumanitar yordam yuklangan 3 mingdan ortiq yuk mashinasi yetib keldi. Gumanitar yordam yetkazilishi Qatar, AQSh va Misr vositachiligida tuzilgan sulh tufayli amalga oshirilmoqda.
🔹 Bangkokda havoning kuchli ifloslanishi sababli 31 tumandagi 352 ta maktab yopildi. Shaharning 50 ta tumanidan 48 tasida sog‘liq uchun xavfli “qizil” daraja e’lon qilingan. Bangkok havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.
🔹 Suriyada Asad Bashar davrida gullab-yashnagan yirik narkotik ombori yoqib yuborildi. Maxsus operatsiya davomida 15 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan katta miqdordagi kimyoviy xomashyo ham yo‘q qilindi.
🔹 Donald Tramp XX asrda AQShda sodir etilgan eng shov-shuvli uchta siyosiy qotillik: Jon Kennedi, Robert Kennedi va Martin Lyuter Kingga oid hujjatlarni maxfiylikdan chiqarishni buyurdi.
🔹 Dunyodagi eng katta aysberg - "A23a" Britaniyaning Janubiy Jorjiya oroliga yaqinlashmoqda. Muz palaxsasi quruqlikdan atigi 280 kilometrda. Olimlarning ogohlantirishicha, to‘qnashuv jiddiy ekologik muammolarni keltirishi, jumladan, hududda ko‘payadigan pingvin va tyulen kabi yovvoyi hayvonlarning oziqlanish joyini buzishi mumkin.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.