104-mavsum "Mashrab" bilan boshlandi
Dastlab teatr jamoasi sahnalashtirgan konsert dasturi tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
- O‘tgan mavsumda teatr jamoasi ko‘plab yutuqlarga erishdi, - deydi teatr direktori Kamoliddin Qorjovov. - Turkiya va Qozog‘iston teatrlarida spektakllarimiz minglab tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. O‘tgan yilgi mavsumda jamoamiz bilan to‘rtta spektaklni sahnalashtirdik. Yaqin kunlarda Chingiz Aytmatovning 90 yilligiga bag‘ishlab "Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar" qissasi asosida sahnalashtirilgan spektaklimizni tomoshabinlar hukmiga havola etamiz.
Teatrning 104-mavsumi Boborahim Mashrab hayotiga bag‘ishlangan "Mashrab" spektakli bilan ochildi.
***
Shuningdek, teatrda mashhur turk yozuvchisi Tunjar Jo‘jano‘g‘li ijodiga mansub "Bo‘yoqchi" komediyasi asosida sahnalashtirilgan spektakl jamoatchilik ko‘rigiga taqdim qilindi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Munavvara Abdullayeva tomonidan sahnalashtirilgan spektakl jamoatchilik vakillari va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
Xalqimizda "Er-xotin - qo‘sh ho‘kiz", degan naql bor. Tunjar Jo‘jano‘g‘lining "Buyoqchi" asarida ham er-xotin oiladagi muammolarni o‘zaro kelishib, hamjihatlikda bartaraf etadi. Buni qarangki, taqdir ham ularga yordam beradi.
40 yoshli shifokor Ahmedbeyning uyini ta’mirlash evaziga o‘zining ijara muammosini hal qilmoqchi bo‘lgan buyoqchi Qodirga taqdir kulib boqdi. U xotini Gulxonim bilan birga Ahmedbeyning uyida bemorlarga yordam ko‘rsatib, bir yillik ijara uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pulni ishlab oladi. Asosiysi, oila a’zolari o‘zaro hamjihatlikda muammolarni bartaraf etadi.
Tanlangan aktyorlar jamoasi ham har bir rolni mahorat bilan ijro etgan.
- Teatr jamoasi bilan ilk bor ishlashim, - deydi Munavvara Abdullayeva. - Ijodiy jamoaga ko‘z tegmasin, inoqlik va yuqori kayfiyat bilan teatrning toshini yalab, suvini simirib, birga mehnat qildik. Badiiy kengash tomonidan kuchli aktyorlar jamoasi tanlab olingan. Ular bilan ishlashga qiynalmadim.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.