17 davlatning 37 ta oliygohi bilan hamkorlik qilgan universitet

Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida bir necha kundan buyon yurtimizda bo‘lib turgan Indoniziyaning Jakarta viloyati oliy ta’lim agentligi vakili Illah Sailah boshchiligidagi 32 kishilik delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.

Mehmonlar dastavval, "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universitetida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘quv jarayonlari bilan tanishdi. Delegatsiya a’zolari oliygohning o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan suhbatlashib, ular bilan o‘zaro fikr almashdi.

Shundan so‘ng, Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyatimizdagi mazkur oliygoh va Indoniziyaning 14 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandum imzolandi.

– Ayni paytda universitetda 137 nafar talaba-yoshlar tahsil olmoqda, – deydi "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universitetining o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori Bahodir To‘rayev. – Keyingi o‘quv yilida bakalavriat bosqichiga 300 nafar va magistratura bosqichiga 100 nafar yoshlarni qabul qilishni rejalashtirdik. Qolaversa, o‘tgan o‘quv yilida 9 ta yo‘nalish bo‘lgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 5 taga ko‘payadi. Bugun Indoniziyadagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishimizga ham shu narsa sabab bo‘ldi. Endi muassasamizda tahsil olayotgan talabalar belgilangan talablardan o‘tsa, 3 va 4-bosqichlarni chet eldagi oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishi mumkin. Talabalar uchun bunday imkoniyat 17 davlatning 37 ta oliy ta’lim muassasasida yaratildi.

Tadbirdan so‘ng konsert dasturlari namoyish etildi va mehmonlar Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar hamda Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga sayohat qildi.