IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgan yoshlar chet ellardagi nufuzli universitetlarda ta’lim olishi mumkin

Samarqand shahridagi yoshlar markazida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda «EDU-EXPO» MChJ kompaniyasi hamkorligida chet elda borib o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar uchun ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Unda AQSh, Xitoy, Kanada, Avstraliya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi 20 dan ortiq davlatlar top mingtalikka kirgan 26 ta nufuzli universitetlar yo‘nalish va ixtisosliklari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

 – Bunday ko‘rgazmalarni ilmga chanqoq yigit-qizlarni chet eldagi nufuzli universitetlardan xabardor qilish va u yerda o‘qish istagida bo‘lganlarini to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida tashkil qilyapmiz, – deydi «EDU-EXPO» MChJ kompaniyasi direktori Azizbek Safarov. – Ko‘rgazmada qatnashgan universitetlarda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlardan, albatta, ingliz tilini mukammal bilish talab qilinadi. Yoshlar bevosita IELTS sertifikatini ham qo‘lga kiritgan bo‘lishlari shart. Shundagina ular nafaqat chet elda o‘qish, balki qo‘shimcha grantlarga ham ega bo‘ladi.

Tadbirda 2000 dan yoshlar ishtirok etib, o‘zlari qiziqqan oliy o‘quv yurti haqida ma’lumot oldi.

– To‘g‘risi, bugungi ko‘rgazma bilan tanishgach, oliy ta’limni chet elda davom ettirgim keldi, – deydi Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejining uchinchi bosqich o‘quvchisi Sanjar Tojidinov. – Ayniqsa, menga Malayziyaning “Mahsa” universiteti juda ma’qul keldi. Albatta, qiziqishlarim sari intilaman va ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi orqali shunday nufuzli muassasalarda tahsil olishga harakat qilaman.

«EDU-EXPO» MChJ kompaniyasi xabariga ko‘ra, Samarqandda bunday ko‘rgazmani joriy yilning sentyabr oyida ham 50 dan ortiq universitet ishtirokida o‘tkazish rejalashtirilgan.