19 yoshimda bir oyog‘imdan ayrilganman, ammo... (tikuvchi hikoyasi)

Bolaligimdan tikuvchilikka qiziqardim. Bu hunarni menga onam o‘rgatgan. Qo‘l bilan ishlatiladigan oddiygina tikuv mashinamiz bor edi. Ko‘rpa-yostiqlar tayyorlardik. Ayni yoshlik chog‘imda, ya’ni 19 yoshda suyak yemirilishi kasalligiga chalindim... va bir oyog‘imdan ayrildim.

Nogiron bo‘lsam-da, birovga muhtoj bo‘lib qolmaslikka harakat qildim. Qo‘limda hunarim bor edi. Tikuvchilik bilan shug‘ullanib, ovunardim. Dardlarimni unutishga urinardim. Toshkentdagi bir tikuv sexidan buyurtma olib, kasanachi sifatida faoliyat yurita boshladim. Mana ikki yarim yildan beri shu yumush bilan shug‘ullanib kelaman. Bichilgan gazlamadan bolalar kiyimlarini tayyorlab, buyurtmachilarga jo‘natamiz. Avvaliga oddiygina tikuv mashinasi bilan bu ishni bajarishga qiynalganmiz. Keyinchalik mahalla ko‘magida subsidiya bilan tikuv mashinasi oldim. Ishlarim yurishib, shogirdlar tayyorlay boshladim. Uyda yangam ham menga shogird tushdi. U ishsiz edi. Yangam uchun ham subsidiyaga tikuv mashinasi berildi. Yana 5 nafar xotin-qizni shogirdlikka oldim. Yana ikkita tikuv mashinasi sotib oldim.

Hozircha har birimiz shu mehnat bilan shug‘ullanib, oyiga 3,5-4 million so‘m topyapmiz. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirib, o‘zimiz yirik tikuv fabrikasi tashkil etish niyatimiz bor.

Qudratoy Sanayeva,

Nurobod tumani.