2020 yilda respublikamizda 8 266 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan
Oliy sud 2020 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ko‘rib chiqqan ishlar bo‘yicha axborot berdi.
2020 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 38 149 nafar shaxsga nisbatan 30 284 ta ish ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 781 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 27 999 nafarni tashkil etib, shundan 7 110 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 19 838 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 051 nafar shaxs shartli hukm qilindi.
Shuningdek, 3 434 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan, 21 970 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 6 959 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 5 958 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
222 nafar yoshlarga, 37 nafar ayolga va 1 024 nafar shaxsga kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 8 266 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Yetkazilgan 267,1 milliard so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 2 729 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.
6 681 ta jinoyat ishi, ya’ni barcha ishlarning qariyb 22,1 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 1 523 nafar shaxsga nisbatan 1 214 ta ish ko‘rib chiqildi. 969 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 385 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.