2021 yilda Samarqand sportida nimalar o‘zgaradi?
Samarqand viloyatida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
⚫ 2021-2022 yillar davomida viloyatning olis qishloqlarida davlat-xususiy sherikchilik asosida 119 ta yangi sport inshootlari barpo etiladi. Moliyaviy manbalar, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari hamda tijorat banklarining kreditlari hisobidan qoplanadi. Jumladan, 5 ta sport zal, 94 ta sun’iy qoplamali futbol maydoni, 3 ta yopiq suzish havzasi, 16 ta voleybol va basketbol sport maydoni hamda 1 ta tennis korti bunyod etiladi.
⚫ Shuningdek, qurilishi tugallanmagan hamda foydalanilmayotgan binolarni sport inshootiga aylantirish maqsadida “nol” qiymatda tadbirkorlarga beriladi. Undan tashqari, “Olimpiya harakati” mavzusida seminar va konferensiyalar tashkil etiladi.
⚫ Ikkinchi tashabbus doirasida 2021 yilning yanvar oyidan boshlab “Yoshlar haftaligi”, “Mahalla va nuroniylar haftaligi”, “Ta’lim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi” sport musobaqlalari o‘tkaziladi.
⚫ 2021 yilning yanvar oyidan viloyatning har bir shahar, tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sohilbo‘yi hamda aholi uchun qulay bo‘lgan hududlarda 1,2 kilometrdan kam bo‘lmagan masofada zamonaviy “Salomatlik yo‘laklari”, “Velosiped yo‘laklari”, “WorkOut” – mahalla (ko‘cha) fitnesi, “Skandinavcha yurish”, yurish, yugurish yo‘laklari barpo etiladi.
⚫ Keyingi yilning may oyigacha hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, har bir umumiy o‘rta ta’lim maktablari ma’lum bir sport turiga ixtisoslashtiriladi.
⚫ 21 mart “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini keng targ‘ib qilish maqsadida milliy kurash, uloq-ko‘pkari, chillak, beshtosh, varrak uchirish kabi musobaqalar tashkil etiladi.
⚫ Maktabgacha ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchilari o‘rtasida shu yilning noyabr-dekabr oyidan boshlab, har oyda “Kichkintoy-shirintoy”, “Nafas mashqlari – sog‘lom hayot sari qadam”, “Sog‘lomjon-polvonjon”, “Men chempion bo‘laman” shiorlari ostida ommaviy sport tadbirlari o‘tkaziladi.
⚫ Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha “Maktab ligasi”, “Quvnoq startlar”, “Umid nihollari”, “Nafosat olami”, “Sog‘lom bola”, “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz”, “Velomarafon”, “Olimpiya oyligi”, “Bahor malikalari” sport musobaqalari hamda “Temurbeklar”, “Yosh chegarachilar” harbiy sport tadbirlari tashkil etilishi qat’iy nazoratga olinadi.