So‘zni o‘ynatganga qoyil!
Sharq she’riyatining bobokalonlaridan biri Hofiz Sheroziy nihoyatda dono, hozirjavob, faylasuf shoirlardan bo‘lgan. Uning g‘azallari tildan tilga o‘tib, xalq o‘rtasida yashin tezligida tarqalgan.
Mehnatkash inson-ku, shirin kalomga muhtoj, ammo o‘sha davrdagi feodal muhit ulug‘ Hofizning shuhratini ko‘ra olarmidi. Din arboblari, saroyga yaqin shaxslar nima bo‘lsa ham shoirning dovrug‘iga putur yetkazishga tish-tirnoqlari bilan intilishardi.
Yaqinda Bokuda bo‘lganimda sharqshunos olimlar guruhiga tushib qoldim. Dasturxon ustida she’rxonlik boshlanib ketdi. Ozarbayjon do‘stim – jurnalist va adabiyotshunos Narimon Husaynalizoda Navoiy, Bobir, Bedil, Sa’diy, Hofiz, Nizomiy va Fuzuliy g‘azallarini yoddan shu qadar maroq bilan o‘qirdiki, uning mahorati, she’rni chiroyli aytishi meni maftun etdi. U fors, tojik, ozarbayjon, o‘zbek tillarida she’rxonlik qila olardi.
Shunda Narimon afsonanamo qiziq bir gapni aytib qoldi. Hikoya qilinishicha, Hofiz Sheroziyning mashhur g‘azallari qatorida uning:
Agar on turki Sheroziy ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo,
degan misralari ham omma orasiga tez tarqalib ketgan. Shunda saroy shoirlari til biriktirib, o‘sha davrning hokimi Temurga ig‘vo qilishgan. «Sizning mulkingiz bo‘lmish ajoyib shaharlarni bu bema’ni shoir allaqanday qizning bir dona xoliga o‘zboshimchalik bilan hadya qilmoqchi» deyishgan.
Hokim hokimligini qiladi-da. Temur g‘azablanib, Hofiz Sheroziyni qattiq jazolamoqchi bo‘ladi va o‘z huzuriga chaqirtiradi. Darg‘azab shohning so‘zlarini beparvolik bilan tinglagan shoir unga xotirjam ruhda javob beradi: «Ey, yer yuzining sultoni! Sizga mening misralarimni noto‘g‘ri tushuntirishibdi, bu gapni yetkazganlar she’r nimaligini toroj qilishga jazm etsam. Aslida haligi ikki misra quyidagicha to‘qilgan:
Agar on turki Sheroziy ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham du sar qandu du xurmoro.
Shunday qilib, shoir donoligicha qolgan. Bizning davrimizda ham mashhur va manzur bo‘lgan ikki klassik misraning tarixiga oid rivoyatlardan biri shunday.
Ahmadjon MUXTOROV.
"Lenin yo‘li" (hozirgi "Zarafshon") gazetasi,
1971 yil, 14 may.