Amerikaliklar haligacha qadimgi o‘lchov birliklaridan foydalanishadi
AQShdagi ko‘plab o‘lchov birliklari imperiya o‘lchov tizimida yoziladi. Bu tizimning o‘zi qadimgi, hatto biroz kulgili tasavvurlarga asoslanadi.
Jumladan, “inch” – bu katta barmoqning taxminiy eni, “foot” – odamning oyog‘i uzunligi, “yard” esa burun uchidan tortib qo‘lning to‘liq cho‘zilgan holatidagi masofaga teng deb olingan.
Bilamizki, har bir insonning oyoq o‘lchami har xil. Ayniqsa, 48–49 o‘lchamli poyabzal kiyadiganlarning “foot”i boshqacha bo‘ladi. Shu sababli o‘rta asrlarda “foot” har yurtda turlicha uzunlikka ega bo‘lgan. Bu hol XI asrda Angliya qiroli Genrix I o‘z oyog‘ining uzunligini standart qilib belgilamaguniga qadar davom etgan. Shunday qilib, 1 “foot” bugungi kunda 30,5 santimetr deb qabul qilingan. Demak, oyoq o‘lchami katta bo‘lgan fuqarolar xohlasa, chizg‘ichsiz ham bir “foot”ni o‘lchab bera oladi.
Ko‘pchilik “Nega aynan 12, nega o‘nlik emas?” degan savolni beradi. Buning sababi oddiy: qadimiy dunyoda 12 soni eng qulay bo‘lgan — uni 2, 3, 4 va 6 ga bo‘lish mumkin. Bu esa savdo va hisob-kitoblarda juda qulay edi. O‘nlik tizim esa 2 va 5 ga bo‘linadi, xolos. Shuning uchun qadimda 12 oy, 12 soat bo‘lgan tizimlar shakllangan. Hatto rivoyatlarda “12 olimp xudosi”, “12 havoriy” tilga olinadi.
Nega Angliya metr tizimiga o‘tdi, AQSh esa yo‘q?
Vaqt o‘tishi bilan Buyuk Britaniya Yevropa bilan sanoat, ishlab chiqarish va eksportni uyg‘unlashtirish zarurati tufayli metrik tizimga o‘tdi. Ammo AQShda ichki bozor aynan imperiya tizimiga moslashib ulgurgandi. Mamlakat bo‘ylab qurilish, arxitektura, reklama, kundalik maishiy o‘lchovlar shu tizimga asoslandi. Tizimni butkul almashtirish juda qimmat va murakkab bo‘lgan.
Natijada AQShda bugungi kunda ham qurilish, muhandislik, avtomobilsozlik, maishiy texnikalar va reklama qadimgi o‘lchovlardan foydalanadi. AQShda faqat uchta katta sohada metr tizimi qo‘llaniladi, ya’ni tibbiyot, ilm-fan, harbiy sanoatda.
Buning sababi NASAning 370 million dollarlik mablag‘i bilan bog‘liq mashhur xatodir. 1999 yilda NASA Marsga uchirilgan qimmat sun’iy yo‘ldoshni yo‘qotib qo‘ydi. Sabab esa juda oddiy: loyiha ustida ishlagan ikki guruh o‘lchovlarni turlicha hisoblagan — biri nyuton, ikkinchisi funt-kuch bilan ishlagan. Natijada hisob-kitoblar 4 baravardan ko‘proq xato bo‘ldi va sun’iy yo‘ldosh Mars atmosferasiga noto‘g‘ri trayektoriya bilan kirib, butunlay yo‘qolgan.
Bu AQSh tarixidagi eng qimmat ilmiy xatolardan biri edi. Shu hodisadan so‘ng NASA butunlay metr tizimiga o‘tdi. Ammo hozircha faqat ilmiy-texnik sohada.
Bugun dunyoning aksariyat davlatlari metrik tizimdan foydalanayotgan bir paytda AQSh hali ham ikki tizimning o‘rtasida qolmoqda. Mutaxassislarning fikricha, qadimgi o‘lchov birliklarini to‘liq almashtirish iqtisodiy jihatdan nihoyatda qimmat va uzoq muddatli jarayon hisoblanadi. Shunga qaramay, global integratsiya chuqurlashib borar ekan, kelajakda AQSh ham metrik tizimga yaqinlashishi ehtimoldan xoli emas.
SamDChTI o‘qituvchisi Zumrad Hojiyeva tayyorladi.