Yozma nutq ko‘nikmalarini qanday rivojlantirish mumkin?
Chet tilini o‘rganayotgan aksariyat talabalar o‘qish, gapirish, eshitish mahorati yaxshi bo‘lsa-da, ko‘pincha yozishdan past baho oladi. Muammo shundaki, o‘qituvchi ko‘pincha talabaning qayerda qiynalayotganini, ya’ni lug‘at boyligidami, grammatik qoidalar yoki fikrlarni bog‘lashda muammoga duch kelyaptimi bilmaydi. Talabaning kamchiliklari semestr yakunida, u barcha topshiriqlarni bajarganidan keyin ma’lum bo‘ladi. Bu vaqtga kelib esa yordam berishga vaqt yetmaydi.
Mana shu yerda muhim yordamchi — bu pedagogik diagnostika tizimi bo‘ladi, chunki pedagogik diagnostika ta’lim jarayonini doimiy ravishda tekshirish, baholash va to‘g‘rilashga qaratilgan aniq tizim hisoblanadi. U o‘qituvchiga har bir o‘quvchining til o‘rganish jarayonidagi kuchli va zaif tomonlarini aniq ko‘rsatib beradi. Muhimi, pedagogik diagnostika orqali o‘quvchi o‘qish mobaynida doimiy ravishda o‘zining yutuq va kamchiliklarini bilib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. U qayerda xato qilayotganini aniq ko‘rganidan so‘ng, o‘qituvchi o‘quvchining shaxsiy ehtiyojlariga moslashgan holda pedagogik korreksiya (to‘g‘rilash) orqali uni bartaraf etib boradi. Bu uzluksiz jarayon o‘quvchining bilim olishdagi qiyinchiliklarini bartaraf etishga yordam beradi.
Tilshunoslar va metodistlar yozuv ko‘nikmasini rivojlantirish uchun ko‘plab usullar, masalan, grammatika mashqlari yoki shablon so‘zlarni yodlashni qo‘llagan bo‘lsa, pedagogik diagnostika metodikasi yozma nutq mahoratini oshirishda to‘liq va tizimli yondashuv sifatida yangi usul hisoblanadi. Biz aynan pedagogik diagnostikaning bu noyob imkoniyatlarini yozish mahoratini oshirishga yo‘naltiramiz.
Pedagogik diagnostika matn yozish jarayonida xatolikning ildizini (masalan, mantiqiy bog‘lanish yoki lug‘at tanlashdagi aniq bir zaiflik) aniqlaydi. Natijada, talaba o‘z ustida ongli ravishda ishlashga o‘rganadi, xatolari uzoq vaqt saqlanib qolmaydi va yozish mahorati tezroq, samaraliroq rivojlanadi.
Alisher RUSTAMOV,
Samarqand davlat chet tillar
instituti o‘qituvchisi.