2026 yil viloyatda 174 ta bog‘cha tashkil etiladi

Yildan yilga aholi sonining ko‘payib borayotgani maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bo‘lgan ehtiyojning ham oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois bugun davlat qaramog‘idan tashqari, xususiy, davlat-xususiy sheriklik asosidagi yoki oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyatiga keng imkoniyat berilmoqda.

Birgina 2025 yilda viloyatda 132 ta (11 ta davlat, 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 113 ta oilaviy nodavlat) maktabgacha ta’lim tashkilotlari ochildi. Buning hisobiga viloyatda qo‘shimcha 11 761 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 3,5 foizga oshgan. Natijada viloyatda maktabgacha yoshdagi bolalarning 75,6 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.

- Maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini kengaytirish maqsadida qamrov darajasi past bo‘lgan olis hududlarda, jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 ta, 70-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2 ta hamda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 104-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3 ta, 67-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 3 ta jami 10 ta guruh “Aqlvoy” loyihasi doirasida tashkil etildi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. - Shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan 2 ta ISUZU avtobusi negizida 174 nafar bog‘cha yoshidagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish yo‘lga qo‘yildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida viloyatdagi 763 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga umumiy qiymati 8 milliard 150 million so‘mlik 763 ta o‘yin maydonchasi hamda tayyorlov guruhlari uchun stol-stullar yetkazib berilgan.

Toyloqdagi Ilk rivojlanish markazi tajribasi asosida Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om va Samarqand tumanlarida ham shunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, qo‘shimcha 1500 o‘rin yaratildi.

Viloyatda 2026 yil 16 ta “Kelajak avlod bog‘chalari”, 19 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 139 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etish rejalashtirilmoqda. Natijada maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov 77,1 foizga yetkaziladi. 

Xurshida ERNAZAROVA.