26 sentyabr – DXX organlari xodimlari kuni
Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» bosh g‘oyasi ostida keng nishonlandi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mustaqillikning ilk kunlarida davlatimizning asosiy poydevorlaridan biri sifatida – 1991 yil 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi xavfsizlik idoralari tashkil etildi.
O‘tgan davr mobaynida maxsus xizmat o‘ziga yuklatilgan vazifalarni mardonavor bajarib, davlatning konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini tashqi va ichki tahdidlardan munosib himoya qildi.
Maxsus xizmatning zamon bilan hamnafas bo‘lishi, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatarlarga qarshi tura oladigan tuzilmaga aylanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018 yilda xavfsizlik idoralari tubdan isloh qilinib, Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etildi hamda faoliyati qonun bilan belgilab qo‘yildi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan tizim xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xavfsizlik organlariga bo‘lgan bunday g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashning samarasi o‘laroq, bugun Davlat xavfsizlik xizmati Vatanimiz mustaqilligi va uning izchil odimlayotgan taraqqiyotiga nisbatan kuzatiladigan tahdidlarning oldini olish hamda ularga barham berishga qodir maxsus idoraga aylandi.
Buni hozirgi vaqtda Yaqin Sharq, Osiyo va Afrika davlatlarida kuzatilayotgan keskin vaziyatlar fonida O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikning bardavomligida ko‘rish mumkin.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida Davlat xavfsizlik xizmati xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi, transchegaraviy va boshqa turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishda xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Birgina, joriy yilning 4-5 sentyabr kunlari mamlakatimizda ShHT hamda MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha konferensiyalari, shuningdek «Sharq-Aksilterror-2024» qo‘shma aksilterror mashqlarining o‘tkazilishi yoki 2023 yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy tilli davlatlar maxsus xizmatlari konferensiyasining 25-yalpi majlisi tashkil etilganligi fikrimiz dalilidir.
Afsuski, mas’uliyatli va mashaqqatli, bir vaqtni o‘zida sharafli bo‘lgan vazifani ado etishda, o‘tgan 33 yil davomida DXX xodimlari safida yo‘qotishlar ham kuzatildi. Xususan, 27 nafar harbiy xizmatchi qasamyodlariga sodiq qolgan holda, o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida mardlarcha halok bo‘ldi. Ularning jasoratlari va yorqin xotiralari qalbimizda mangu yashaydi.
26 sentyabr – bu kuni DXX xodimlari odatdagidek vatan muhofazasida bo‘lishadi. Boisi, ular zimmalariga yuklatilgan vazifani bajarishdan bir zumga chalg‘ish yangi O‘zbekistonning nurli istiqbolini ko‘ra olmaydigan g‘animlar uchun qulay imkoniyat ekanligini yaxshi tushunishadi.
Lekin, ushbu muhim sanada albatta imkoniyat topib, faxriylar hamda halok bo‘lgan hamkasblarining oila-a’zolari holidan xabar olishadi, ularni bayram bilan qutlashadi.
Ta’kidlash lozim, bugun dunyoning turli nuqtalarida hukm surayotgan notinchliklar, terrorchilik harakatlarining kuchayib borayotganligi ko‘plab davlatlarning barqarorligi va taraqqiyotiga putur yetkazmoqda. Ushbu davlatlar fuqarolarining fojiali taqdiri esa har birimizni mushohada qilishga, saboq chiqarishga chorlaydi.
Ishontirib aytamizki, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash o‘ta muhim masala ekanligini maxsus xizmat xodimlari har doimgidan ko‘ra yanada chuqurroq anglab yetishgan va bu yo‘lda ular hamisha sobitqadam bo‘lishadi.