3 iyun - Butunjahon velosiped kuni

Eng qulay va ekologik toza transport vositasi sanasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan belgilangan.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2018 yil aprel oyida BMTning navbatdagi Bosh Assambleyasi yig‘ilishida bir qator masalalar ko‘rib chiqilar ekan, inson salomatligini yaxshilash, dunyo aholisining jismoniy faolligini oshirish maqsadida qator loyihalar ustida izlanib, ular orasida eng maqbuli – velosiped targ‘ibotini ma’qulladi. Shunda 3 iyun – Butunjahon velosiped kuni deb e’lon qilindi va butun dunyo bo‘ylab bu sana katta bayram sifatida nishonlab kelinmoqda.

Velosiped tarixi 1818 yildan boshlanadi. Baron Karl fon Drez birinchi bo‘lib "chopish uchun mashina"ni patentlaydi. Yog‘och ixtiro ikki g‘ildirakli samokatga o‘xshardi. Pedallarsiz velosipedning vazni taxminan 20 kilogrammni tashkil etar va u soatiga 10 kilometrgacha tezlashishi mumkin edi.

Hozirda velosipedning - tog‘, shosse, sport, triatlon, trek, siklokross kabi o‘nlab turi mavjud.

Jahonning ko‘plab mamlakatida muhim transport vositasiga aylanib ulgurgan velosiped inson salomatligi va atrof-muhit uchun ham beqiyos foydalidir. Undan sport maqsadida shug‘ullanish esa misli ko‘rilmagan darajada samarali. Velosport bilan muntazam shug‘ullanadigan insonlarda hozirda ko‘p uchraydigan yurak-qon tomir tizimi va qandli diabet kasalliklari deyarli uchramaydi. Bu transport uzoq umr ko‘rish garovi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.