“32 foiz pasayish”: Markaziy bank tashqi turizm, transport xizmatlari va avtomobil ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari tushganini ma’lum qildi
Markaziy bank 9 oylik asosiy ko‘rsatkichlarni e’lon qildi. Hisobotda yil boshidan iqtisodiy faollikning jadallashuvi va pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanib borishi hisobiga ichki va tashqi talab dinamikasida ijobiy tendensiyalar kuzatilayotgani aytilgan.
Xususan, 2021 yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,9 foizni tashkil etgan. Bunda, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 9 foizga, qishloq xo‘jaligi – 4,2 foizga, qurilish ishlari – 4,5 foizga va asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar – 5 foizga o‘sgan. Ushbu davrda aholi daromadlari real hisobda 10,4 foizga oshgan.
«Shu bilan birga iqtisodiyotning ayrim sohalarida iqtisodiy faollikning pandemiyaga qadar bo‘lgan davrdagi darajasigacha tiklanishi uzoqroq muddatni talab etmoqda.
Ichki va tashqi turizm, transport xizmatlari, avtomobil ishlab chiqarish (o‘tgan yil 9 oyga nisbatan 32,4 foizga pasaygan) va umumiy ovqatlanish sohalari hali ham 2019 yil darajasiga yetgani yo‘q» deyiladi Markaziy bank xabarida.