5 mingdan ortiq ayol zo‘rlik ishlatilishidan shikoyat qilgan
Bugun, 11 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda joylarda bosqichma-bosqich zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etilib, shu kungacha jami 165 ta markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi.
Hozirda har bir markazda psixolog, huquqshunos, ijtimoiy soha va tibbiyot xodimlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kungacha ushbu markazlarga 5 ming 468 nafar xotin-qizlar murojaat etgan bo‘lib, ularning 815 nafariga tibbiy, 1 ming 486 nafariga psixologik, 1 ming 208 nafariga huquqiy yordam ko‘rsatildi hamda 743 nafarining bandligi ta’minlandi, 496 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishlariga ko‘maklashilgan.
Shuningdek, markazlarda zo‘ravonlikka uchragan, og‘ir vaziyatga tushib qolgan, inqiroz holatidagi xotin-qizlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatish maqsadida 2018 yilning 1 sentyabridan “1146” qisqa raqamli “Ishonch telefoni” ishga tushirilgan.