Rajabova berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri va oqilona foydalanmaganligi bois ishi yana sudga oshirilgan
4 may kuni Zarnews.uz rasmiy veb-sayti va telegramm kanalida «Senat 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan samarqandlik homilador ayol ishi bo‘yicha so‘rov yubordi» sarlavhali xabar e’lon qilindi. Ushbu xabar tafsilotlari yuzasidan Samarqand viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi javob yo‘lladi.
Unda quyidagilar bayon etilgan: “Anora Rajabova 2019 yil 11 iyulda Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari, Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi aybli deb topilib, unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida 2 yil muddatga korxona, muassasa yoki tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. (Ish bo‘yicha 3 nafar shaxs sudlangan).
Sudlanganlar A.Haqberdiyeva, A.Rajabova va L.Hamidovadan solidar tartibda “O‘zbekiston pochta” AJ Samarqand filiali foydasiga 574.637.000 so‘m qoplanmagan moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 18 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, Anora Rajabova va boshqalarga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirilib, A.Rajabovaga tayinlangan 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, yetkazilgan zarar qisman qoplanganligi e’tiborga olinib, Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, 3 yil 7 oy ozodlikni cheklash jazosi bilan o‘zgartirilgan.
Shuningdek, mazkur ish bo‘yicha sudlanganlar A.Haqberdiyeva va A.Rajabovadan solidar tartibda “O‘zbekiston pochta” AJ Samarqand filiali foydasiga 118.185.405 so‘m qoplanmagan moddiy zarar undirish hamda mahkuma A.Rajabova hisobidan “O‘zbekiston pochta” AJ Samarqand filiali foydasiga 104.177.273 so‘m qoplanmagan moddiy zarar undirish belgilangan.
A.Rajabovaga, undirilishi lozim bo‘lgan moddiy zararlarni 1 yil muddatda qoplash majburiyati yuklatilib, sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Oddiy qilib aytganda, appelyasiya instansiya sudida Anora Rajabovaga imkoniyat berilib, 3 yilu 7 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, qamoqdan ozod qilingan va uyiga yuborilgan, yetkazilgan zararlarni qoplash uchun esa 1 yil muddat berilgan.
Samarqand shahar IIB boshlig‘ining taqdimnomasiga asosan mahkuma A.Rajabova zimmasiga yuklatilgan “O‘zbekiston pochta” AJ Samarqand filiali foydasiga undirilishi belgilangan moddiy zararni 1 yil muddatga to‘liq qoplash majburiyatini ixtiyoriy bajarmagan.
Demak, o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri va oqilona foydalanmagan. Bu muddat davomida A.Rajabova IIB xodimlari tomonidan bir necha marta og‘zaki va yozma ravishda ogohlantirilgan, u bilan suhbatlar o‘tkazilgan. Sud hujjatini bajarmaslik, qasddan bo‘yin tovlash qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi yetarli darajada tushuntirilgan. Biroq A.Rajabova tegishli xulosa chiqarmagan.
Hamma narsaning chegarasi bor, deganlaridek, sud tomonidan berilgan 1 yil muddatdan keyin yana 6 oy ham o‘tib ketgach, IIO FMB xodimlari sudga taqdimnoma kiritgan. Chunki ularning ham vakolatlari bilan birga mas’uliyati, javobgarligi bor.
Samarqand shahar IIB boshlig‘i 2021 yil
12 aprelda mahkuma A.Rajabova o‘z zimmasiga qo‘yilgan 1 yil muddat davomida moddiy zararni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotganligi sababli uning o‘talmay qolgan 2 yil 2 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosini, Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismiga asosan og‘ir turdagi jazoga almashtirish to‘g‘risida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga taqdimnoma kiritgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 22 apreldagi ajrimi bilan Samarqand shahar IIB boshlig‘ining taqdimnomasi qanoatlantirilib, mahkuma Rajabova Anora Alisherovnaga nisbatan tayinlanib, o‘talmay qolgan 2 yil 2 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-bandiga asosan shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarida o‘tash belgilangan.
Mahkuma A.Rajabovani voyaga yetmagan farzandiga vasiy va homiy tayinlash masalasini hal qilish Samarqand shahar XTBga qarashli vasiylik va homiylik organi zimmasiga yuklatilgan.
Sudning mazkur ajrimiga nisbatan mahkuma A.Rajabova apellyasiya shikoyati keltirib, yetkazilgan zararning 15.000.000 so‘mini qoplaganligi, qolgan zararni ham qoplab berishligini bildirib, 8 oylik farzandi borligini ko‘rsatib, ozodlikka chiqarishni so‘ragan.
Bugungi kunda mazkur ish viloyat sudi apellyasiya instansiyasida ko‘rishlik uchun 2021 yil 11 may kuniga tayinlangan.
Apellyasiya instansiya sudining yakuniy qarori yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.