55 yillik mehnat e’tirofi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Jo‘raqulova «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
«Ko‘rmayin bosdim tikonni», «Insonlikka nomzod», «Chimildiq», «Maysaraning ishi», «Samarqandnoma», «Afandi va Azroil» «Imom Buxoriy», «Bibixonim», «Jinni bo‘lish hech gap emas», «Semurg‘», «Qaynona», «Quyosh farzandi Spitamen»dagi rollari bilan tanilgan iste’dodli aktrisa R.Jo‘raqulova faoliyatini 1965 yilda viloyat drama va musiqa teatrida boshlagan. Hozirga qadar ushbu teatrda rollarni mahorat bilan ijro etib kelmoqda. U iste’dodli aktyor, tajribali ustoz.
Prezidentimizning joriy yil 5 mart kuni imzolagan farmoni bilan bir guruh fidoyi, tashabbuskor xotin-qizlar qatorida Ra’no Jo‘raqulova ham «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
- 55 yildan buyon teatr va san’at sohasida ishlayman, - deydi R.Jo‘raqulova. – Aktyor tomoshabin qalbida yashashi uchun har bir rolga borini berishi kerak. Albatta, bu oson bo‘lmaydi, kezi kelganda yig‘lash, yig‘latish, kulish, kuldirish, yomon yoki yaxshi bo‘lish talab etiladi. Buning uchun esa aktyor o‘sha obrazda yashashi, fidoyi bo‘lishi kerak. Shundagina tomashabin sizni va ijodingizni hurmat qiladi. Faoliyatim davomida nimaga erishgan bo‘lsam, ana shu mehnatlar orqali erishganman va shogirdlarimga ham o‘z ustida ishlashlarini ko‘p uqtiraman.
Ayol kishi oilasining baxti uchun turmush o‘rtog‘i va farzandlarining ko‘ngliga qarashi, ro‘zg‘orini ham but qilishi kerak. Menimcha, inson uchun bundan ortiq baxtning o‘zi yo‘q. Ikkita qizim bor, hayotda o‘z o‘rnini topgan. Turmush o‘rtog‘imning vafotidan keyin meni yolg‘izlatib qo‘yishmadi. San’atda ham, oilada ham doim qo‘llab turishdi, farzandlarim bilan faxrlanaman va eng baxtli onaman.