81,2 tonna benzin va solyarka sifati davlat standartiga mos kelmadi

Gap shundaki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyundagi “Neft-gaz tarmog‘ida litsenziyalash tartibotlarini qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznesni yuritishni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra qabul qilingan Nizom talablariga asosan viloyatimiz hududida joylashgan AYoQShlar mijozlarga sifatli mahsulot yetkazib berishi va talab darajasida xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Bu holatni nazorat qilish esa hududiy bo‘limimiz zimmasiga yuklatilgan.

Shunga ko‘ra, bo‘limimizning kimyo-nazorat laboratoriyasida shu yilning yanvar-avgust oylarida 400 dan ortiq AYoQShdagi neft mahsulotlaridan belgilangan tartibda namunalar olindi. Oqibatda 18 holatda bu mahsulotlarning 81 ming 200 litri davlat standarti talablariga mos kelmasligi aniqlandi.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Klassik Motors” MChJga qarashli neftni qayta ishlash korxonasi, “Original Farovon Diyor”, “Sokol”, “Aqrab” hamda Samarqand shahridagi “Eko Standart Servis” MChJlarga qarashli AYoQShlarda sotilayotgan sifatsiz neft mahsulotlari aniqlandi. Bu bo‘yicha korxona rahbarlariga taqdimnoma kiritildi.

Aniqlangan benzin, solyarka kabi neft mahsulotlari sifati tiklangunga qadar uni iste’molchilarga yetkazib berish to‘xtatildi va sifat ta’minlangandan keyingina qayta sotuvga chiqarilishiga ruxsat berildi.

Ikrom Maxsumov,

“O‘zneftgazinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limi boshlig‘i.