9 ta hududda 200 milliard so‘mlik 14 ta yirik korxona ishga tushiriladi
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqovning ma’lum qilishicha, Jomboy, Past Darg‘om, Narpay, Urgut, Samarqand, Toyloq, Nurobod tumanlari, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida qiymati 200 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan 14 ta yirik ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
- Ushbu korxonalarni ishga tushirish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 103,1 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 37,6 kilometr elektr tarmog‘i, 84 kilometr tabiiy gaz, 35,9 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i va 23,8 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish ko‘zda tutilmoqda, - deydi J.O‘roqov. - Natijada 4 740 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 1 256 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va qo‘shimcha 150,8 milliard so‘m byudjet tushumi ta’minlanadi.
Viloyatning 14 ta hududida maydoni 560 gektar bo‘lgan 18 ta erkin iqtisodiy zona filiallari tashkil etish taklifi ishlab chiqildi. Ushbu filiallarni infratuzilma bilan ta’minlash uchun jami 416,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 53 kilometr avtomobil yo‘li, 70,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 24 ta suv inshooti, 53 kilometr oqova suv tarmog‘i, 10 ta suv tozalash inshooti, 52 kilometr elektr tarmog‘i, 31 ta transformator, 161,8 kilometr tabiiy gaz, 28 ta gaz taqsimlash punkti, 55 kilometr optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ko‘zda tutilgan. Natijada, 120 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, byudjetga qo‘shimcha 15 milliard so‘m soliq tushumi va 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Maydoni 210 gektardan iborat 88 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularga qiymati 223,1 milliard so‘mlik 797 ta loyiha joylashtiriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tashqi muhandislik infratuzilma bilan ta’minlash uchun 119,5 kilometr elektr energiyasi, 82,23 kilometr avtoyo‘l tarmog‘i tortish, 21,3 kilometr gaz quvurlari, 173,2 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortish va qurilish ishlari uchun jami 247,4 milliard so‘mlik mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalarni ishga tushirilishi natijasida 4,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni va yillik 446,3 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Joriy yilda 1 159,2 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i va 309 ta transformator punktida yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish hamda 3 ta yangi nimstansiya qurish, 2 ta nimstansiya quvvatini oshirish, 14 tasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ushbu ishlar uchun 162,8 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.