Abgor uylarda yashayotgan narpayliklar: «Bizni chayon va ilonlardan qutqarishsin!»

– Bu uyda ichimlik suv vaqti-vaqti bilan beriladi, kanalizatsiya deyarli ishlamaydi, – deydi N.Xo‘jayorova. – Bundan tashqari, yerto‘lalar qarovsizligi tufayli har xil hasharotlar xonadonimizga chiqadi. Bugunning o‘zida beshta chayon o‘ldirdim. Gohida ilon ham chiqadi. Shu sababli doim xavotirda yashaymiz. Biron-bir tashkilot bu borada hech qanday chora ko‘rmaydi. Ayting, tegishli tashkilotlar bizni bu xavotirdan qutqarishsin.

Uy oldida oqova to‘planadigan "hovuz" mavjud. Achinarlisi, bu oqova to‘g‘ri Narpay kanaliga oqiziladi. Ifloslangan suvdan qanchadan-qancha aholi foydalanishini mutasaddilar unutgan shekilli. Aks holda, bu muammo necha yillardan buyon hal etilgan bo‘lardi.

– Kanalizatsiya tarmog‘i eskirgani tufayli hojatxonalar hidlanib ketadi, – deydi J.Xayrullayev. – Suv doimiy berilmagani uchun bu muammo ancha yillardan buyon bizni qiynab keladi. Hatto uyda mehmon kutishga ham uyalamiz.

Uyboshi N.Yodgorova bilan yerto‘lani ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham kanalizatsiya tarmoqlari eskirib ketgan. Turli chiqindilarga to‘la. Yerto‘lada joylashgan elektr shchitda simlar inson hayotiga xavfli darajada ochiq. Yong‘in sodir bo‘lsa, elektr simlarining qisqa tutashuvini sabab qilib ko‘rsatish oson. Lekin bunday noxush holatlarning oldini olishga tumandagi yong‘in xavfsizligiga mas’ul shaxslar e’tiborsizligi ushbu manzaradan ham yaqqol ko‘rinib turibdi.

Mahalladagi 2, 4, 5, 7, 8-uylardagi ahvolni o‘rganganimizda ham aholi asosan, ichimlik suv va kanalizatsiyadagi muammolardan qiynalayotganini aytdi. Uylardagi yo‘laklarning aksariyati ta’mirtalab. Ta’mirlanganini ham fuqarolar biror ma’raka yoki to‘y sababli o‘z hisobidan amalga oshirgan. Yaqinda ko‘p qavatli uylar oldiga yangi chiqindixona qurilgan bo‘lsa-da, aksariyat uylar oldida uyulgan yoki sochilgan chiqindilar uchraydi. Uylar oldidagi noqonuniy qurilishlarni har qadamda uchratish mumkin. Gaz ta’minoti yaxshi bo‘lmagani sababli fuqarolar xonadon ichiga pechka qurib olgan.

Ushbu holatlar yuzasidan mahalladagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi "Nargiz" xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatidan izoh so‘ragani borganimizda yakshanba kuni bo‘lgani uchun biror mas’ulni topishning imkoni bo‘lmadi.  

Tumandagi Guliston mahallasida ikki qavatli uylar joylashgan. Bu yerda ham yetarlicha muammolar bor. Jumladan, uylar umuman ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Haftasiga bir yoki ikki marta maxsus mashinalarda ichimlik suvi olib kelinadi va bir chelagi 250 so‘mdan sotiladi.

– Faqat iste’mol qiladigan suvimizni sotib olamiz, – deydi 7-uyda yashovchi Ravshan Omonqulov. – Yuvinish va boshqa ehtiyojlar uchun ariqdagi suvdan foydalanamiz.

Kanalizatsiyadagi muammolar tufayli mahallada mavjud 13 ta ikki qavatli uyda yashovchilar tashqarida hojatxona qurib olgan. Hammasi antisanitariya holatida.

Uylar atrofida obodonlashtirish ishlari olib borilmagan. Noqonuniy qurilishlar talaygina. Har bir uy oldida tandirxona mavjud. Hattoki bir uyning yoniga molxona ham qurilib, u yerda uch-to‘rt bosh qoramol boqilmoqda.

13-uy va unda yashayotgan fuqarolarning ahvolini ko‘rib, to‘g‘risi, «maymunlarning yig‘lashini» qo‘yib turaylik, insonman, degan kishining yuragi o‘rtanadi.

Ikki xonali xonadonlardan iborat uy ta’mirtalab va abgor holatda. Bu yerda yashayotgan fuqarolarning yashash sharoiti va ijtimoiy ahvoli og‘ir. Suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmagani tufayli aholi kundalik ehtiyoj uchun turli elektr jihozlaridan foydalanishga majbur. Xonadonlar ichi ta’mirtalab.

– Ikki xonali uyning bir xonasiga jihozlarni qo‘yganmiz, bir xonasida 9 kishi yashaymiz, – deydi N.Mamarizayeva. – Sharoit ham yetarlimas. Bu muammolar tufayli og‘ir ahvolda kun kechiryapmiz.

Xonadonlarga kirib, ta’mirtalab xonalar, turli buyumlarning joy torligi bois tartibsiz qo‘yilgani, ayrim xonalar chiqindilarga to‘lganini ko‘rdik.

To‘g‘risi, fuqarolarni qiynayotgan yana bir og‘ir holatni, garchi xijolatli bo‘lsa-da, qalamga olishga majburmiz.

– Kanalizatsiya yo‘qligi bois uy yoniga hojatxona qurganmiz, – deydi Nazira Hasanova. – To‘g‘risini aytsam, u ham to‘lib qolgan. Yangisini qurishga esa qurbimiz yetmaydi.

Aholi shundoq ham yaroqsiz holatga kelgan hojatxonaga kirmasdan, tunda uy yonidagi ochiq daladan "samarali" foydalanib kelmoqda.

Bu mahalladagi ko‘p qavatli uylarda aholini qiynayotgan masalalardan yana biri xonadonlar hujjatlaridagi muammodir.

Aholining aytishicha, bu uylar "Oqtosh don mahsulotlari" korxonasiga tegishli. Fuqarolar belgilangan to‘lovni amalga oshirib, xonadonlarni egallagan. Ammo hanuzgacha turarjoylar fuqarolarga hujjatlashtirib berilmagan. Aholining tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarga bu boradagi murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan.

Tumandagi Xalqobod mahallasida ham asosan ikki qavatli uylar joylashgan. Bu yerni noqonuniy qurilishlar makoni deb bemalol aytishimiz mumkin. Mazkur uylarda ham yuqoridagi kabi muammolar mavjud. Ammo aholi hojatxona va kanalizatsiya muammosiga uylar orasida umumiy katta hojatxona qurish bilan yechim topgan, xolos. Ayrim xonadon egalari esa uylari oldiga qurib olgan.

– Barcha o‘ziga yetarli sharoit yaratib olish bilan ovora, – deydi Elmira Suyarqulova. – Mavjud muammolarni hal etishga mutasaddilar e’tiborsiz bo‘lgandan keyin odamlar shunga majbur. Noqonuniy qurilishlarning kelib chiqish sababi ham aslida shu.

Ha, Narpayda ko‘p qavatli uylar va ularda yashayotgan aholi turmush sharoiti bilan bog‘liq muammolar talaygina. Nahotki bu masalalar tumandagi sektorlar rahbarlari va mutasaddilarni qiziqtirmaydi?! Agar qiziqtirganida, birgina o‘rganishimiz davomida shuncha muammoga duch kelmagan bo‘lardik. Mutasaddi rahbarlar o‘sha og‘ir sharoitda yashayotgan aholining o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rsa, ularning orasiga kirib, dardini tinglaganida muammolar bunchalik chuqurlashib ketmasmidi?

 

Folib ABDUSALOMOV,

"Zarafshon"ning maxsus muxbiri.