Abu Mansur Moturidiy qabri qayerda?
Bundan 23 yil ilgari birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqanddagi “Chokardiza” qabristoni o‘rganilib, bu zaminda ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz xoki yotganligi aniqlangandi. Ulardan ikki nafari, ya’ni Marg‘inoniyga Marg‘ilonda, Moturidiyga esa eski qabriston o‘rniga qurilgan uylar buzilib, shu yerning o‘zida yodgorlik o‘rnatilgandi.
Keyingi tadqiqotlar va topilgan yangi qo‘lyozmalar bu qabriston haqida yanada aniq ma’lumotlar borligini ko‘rsatdi. Xususan, allomalar qabri joylashgan manzillar haqida izohlar topildi.
Shu sababli viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bugun olimlar, tarixchilar, jamoatchilik vakillari bilan birga Moturidiy yodgorligida mashvarat o‘tkazdi. Unda professorlar Mamayunus Pardayev, Dilorom Salohiy, matnshunos Komilxon Kattayev, viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov, muzey va kadastr xizmati xodimlari ishtirok etdi.
1947 yilda buzib tashlab, ustida uy-joylar qurilgan "Chokardiza" qabristoni tarixi bilan bog‘liq manbalar asosida fikrlar aytildi, takliflar o‘rtaga tashlandi.
- Biz tariximizni o‘rganishda davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan talablar asosida ish tutishimiz zarur, - dedi viloyat hokimi. - Har bir tarixiy manba yetuk mutaxassislar tomonidan puxta o‘rganilishi, takliflar jamoatchilik bilan muhokama etilishi va so‘ngra yagona xulosaga kelish kerak.
E.Turdimovning taklifiga ko‘ra, "Chokardiza" qabristoni tarixi, u yerdagi qabrlar o‘rnini aniqlash maqsadida kartograflar, arxeologlar, tarixchi olimlar, diniy idora vakillaridan iborat ishchi guruhi tuziladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, viloyat hokimi Samarqand davlat chet tillar institutida arab tili bo‘limi ochilganini va uning olimlari, talabalari qadimiy qo‘lyozmalarni tarjima qilishni boshlaganini qayd etdi. Ana shu soha olimlari bilan muloqot o‘tkazish, fidoyi tarjimonlarni rag‘batlantirishga kelishib olindi.