Adliya: 14 nafar tibbiyot xodimining kompensatsiya pullari to‘lanmagani aniqlandi

Toyloq tuman tuman tibbiyot birlashmasining 14 nafar xodimi qonunda belgilangan mehnat ta’tillaridan foydalanmagan. Shunga ko‘ra, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanmagan. Xodimlarning bu boradagi murojaatlari esa birlashma rahbariyati tomonidan paysalga solingan.
Shundan keyin xodimlarning mazkur pullarni undirishda amaliy yordam berishni so‘rab yozgan jamoaviy murojaati Toyloq tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi. Murojaatni o‘rganish davomida, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan birlashmada uzoq yillar davomida mehnat ta’tiliga chiqmasdan ishlab kelayotgan 14 nafar xodimga jami 101 million 321 ming so‘m foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanmay kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 234-moddasi 2-qismida xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan tashqari pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkinligi, 527-moddasida esa xodimning buzilgan huquqlarini tiklash xodimning mehnat huquqlarini himoya qilishni o‘z ichiga olishi belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, tuman adliya bo‘limi tuman tibbiyot birlashmasining 14 nafar xodimlarining qonuniy manfaatlarini ko‘zlab pulli kompensatsiyani undirish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi va sud tomonidan to‘liq qanoatlantirildi.
Toyloq tumani adliya bo‘limi.