Afg‘on shahzodasining rubobi Samarqandga qanday kelib qolgan?

Hamkasbimiz D.Mavlonovaning “O‘zbekistonga afg‘on rubobini buxoroliklar olib kelganmi?” sarlavhali xabarini o‘qib, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondida saqlanayotgan Afg‘oniston shahzodasi Sardor Ishoqxonning rubobi haqida ilingim keldi.

Ushbu afg‘on rubobi muzey fondida 1929 yildan buyon saqlanib kelinadi.

Rubob 1929 yilda Xalq xo‘jaligi oliy kengashi tashabbusi bilan Moskvada o‘tkazilgan yengil sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida namoyish etilgan. Ko‘rgazma yakunlanganidan so‘ng namoyish etilgan ashyolar mansubligiga qarab o‘sha vaqtdagi ittifoqdosh respublikalarga taqsimlanadi. Afg‘oniston shahzodasi Sardor Ishoqxonning rubobi Samarqand muzeyiga taqdim etiladi. Mazkur rubobning umumiy uzunligi 81 santimetr, balandligi 18 santimetr va ovoz kosasi kengligi 16 santimetrni tashkil etadi. Ushbu rubobda ham O‘zbekistonda keng tarqalgan qashqar rubobidagi kabi gajaklar bor. Rezonatorining pastki qismi teri, yuqori qismi yupqa taxtacha bilan qoplangan.

Shahzodaning Samarqandga kelib qolgan rubobini o‘rganish davomida qiziq ma’lumotlarga duch keldik.

Olim Mehrojiddin Amonovning yozishicha, 1880-1901 yillarda Afg‘onistonda hukmronlik qilgan Amir Abdurahmonxon ibn Muhammad Afzalxon 1863 yilda bobosi Do‘st Muhammad vafot etgach Samarqandga keladi. U bilan birga amakivachchasi Sardor Ishoqxon ham kelib, ular 1880 yilgacha Samarqandda yashagan. Amir Abdurahmonxon Afg‘onistonda o‘z hukmronligini o‘rnatgach, o‘zining amakisi Muhammad A’zamxonning o‘g‘li Sardor Muhammad Ishoqxonga tazyiq o‘tkazadi. Shu sabab Sardor Ishoqxon Hirot-Balx shaharlari orqali yurtimizga qaytgan va unga hozirgi Xoja Abdu Darun, Xoja Ahrori Vali va Xoja Avliyo ziyoratgohlari atroflaridan joy berilgan.

Samarqand davlat muyey-qo‘riqxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan Mavlono Nuriddin Mahjuriy Samarqandiyning risolasida qayd etilishicha, Samarqand shahrida xalq orasida «xalifa Ibrohim» nomi bilan tanilgan Xo‘ja Abdu Darun mozori yaqinida joylashgan Xo‘ja Mavlono Mirmuhammad Ibrohim xoja Samarqandiy maqbarasi ham afg‘on shahzodasi Sardor Ishoqxon tomonidan 1882 yilda bunyod etilgan. Shahzoda Sardor Ishoqxon 1908 yilda Samarqandda vafot etadi.

Rubob Moskvadagi ko‘rgazmaga qanday borib qolganligi, shahzodaga tegishli buyumlar kimga meros qolganligi bizga noma’lum. Tabiiyki, savollarga javob topish uchun tadqiqot olib borish talab etiladi.

Mahmudxon Yunusov,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.