Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatda ODKB Tojikistonga yordam bermoqchi

ODKB (Jamoaviy xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat bilan bog‘liq masalada so‘raladigan barcha zarur yordamni taqdim etadi, dedi tashkilotning matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov RIA Novostiga.

"Tojikiston, murojaat qilgan taqdirda, ODKB tomonidan Jamoaviy xavfsizlik shartnomasi va ODKB ustavida nazarda tutilgan zarur yordam taqdim etiladi – bu siyosiy, harbiy va harbiy-texnika bo‘lishi mumkin", dedi u.

"Hozircha Tojikiston respublika chegarasi yaqinidagi Afg‘oniston hududida yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq masalada ODKBga murojaat qilinmagan", dedi Zaynetdinov.

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot markazining xabar berishicha, avvalroq Afg‘onistonning Balx viloyati Kaldor tumanidagi Ukchuk chegara punktiga tolibonlar hujumi natijasida 17 ta davlat xizmatchilari Tojikistonga chekinishga majbur bo‘lishgan.

22 iyun kuni Tolibon radikal harakati qurolli guruhi Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh Qunduz viloyatidagi Sherxon-Bandar chegara komissarligiga hujum qildi. 134 nafar Afg‘oniston hukumat kuchlari jangarilarga qarshilik ko‘rsata olmay «Panj» nazorat-o‘tkazish postining uchinchi va to‘rtinchi punktlari xavfsizlik zonasi orqali qochishga, davlat chegarasini kesib o‘tib, Tojikistonda boshpana topishga majbur bo‘ldi.

Gumanitar nuqtai nazardan tojikistonlik chegarachilar bir guruh afg‘on askarlarini chegaradan o‘tqazishdi. Ulardan bir kishi halok bo‘lgan va to‘rt kishi yaralangan. Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Sherxon-Bandar chegara komissarligida tolibonlar tomonidan yaralangan, o‘ldirilgan yoki asirga olingan afg‘on askarlarining umumiy soni 100 taga yetadi.