Afg‘oniston-Pokiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvda olti pokistonlik halok bo‘ldi
Pokiston-Afg‘oniston chegarasida “Tolibon” bilan otishmada olti nafar Pokiston fuqarosi halok bo‘ldi, deya ma’lum qildi Pokistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Sodiq.
“Pokiston maxsus vakili Pokiston-Afg‘oniston chegarasidagi Chaman hududida tinch aholi punktlari tolibon tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida olti nafar Pokiston fuqarosi halok bo‘lgani va 17 nafari yaralanganini ma’lum qildi”, — deya xabar bermoqda Aamaj News.
O‘z navbatida Tolibon harakati bu to‘qnashuv chog‘ida Afg‘oniston tomonidan bir kishi halok bo‘lgani, yana 13 kishi, jumladan, uch nafar tinch aholi vakillari yaralanganini bildirgan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi mojaroni qoralab, ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida “bunday baxtsiz hodisalar ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlariga to‘g‘ri kelmasligini” ta’kidladi. Kelgusida shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish va ularga nisbatan keskin choralar ko‘rish zarurligi haqida Tolibon rasmiylariga ma’lumot berildi”, deyiladi bayonotda.
Pokiston tomoniga ko‘ra, qurolli to‘qnashuv bir kun avval Spinboldak chegara punkti yaqinida (Qandahor viloyati) toliblar yangi nazorat punktlarini qurmoqchi bo‘lgan, biroq Pokiston qo‘shinlari to‘sig‘iga duch kelganidan so‘ng boshlangan.