Aholining 30 foizi ommaviy sportga qamrab olindi, biroq sohadagi muammolardan ko‘z yumib bo‘lmaydi

Viloyatda aholining ommaviy sportga qamrovini oshirish, sportchilarni kompleks tayyorlash, terma jamoalarga iqtidorli yoshlarni yetkazib berish, yuqori natijalarga erishish, umuman, sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi yutuq va kamchiliklar xususida viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonov so‘z yuritadi.

– Yakuniga yetayotgan yilda viloyatimizda aholining ommaviy sportga qamrovini oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi, - deydi J.Nurmonov. – O‘tgan davr mobaynida 9300 dan ziyod ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilib, ularga 1,5 millionga yaqin aholi jalb etildi. Natijada aholining sportga qamrov darajasi 28 foizdan 30 foizga yetdi. 2026 yilda bu ko‘rsatkichni 32 foizga yetkazish rejalashtirilgan va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportni yanada ommalashtirish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Sport sinovlari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda

Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 11 yosh toifasi bo‘yicha fuqarolardan «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari qabul qilindi. Sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablarini bajarish uchun mahalla va maktablarda sport inshootlari tanlab olinib, ishtirokchilar uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajardi.

Joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha 471 ming 919 nafar, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha 18 ming 614 nafar, oktyabr-noyabr oylarida 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi 32 ming 452 nafar fuqaro sport sinovlarini topshirdi. Keyingi bosqichda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar ushbu talablarni bajaradi. Jismoniy tayyorgarlik me’yorlarini topshirgan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyoti joriy etilgan bo‘lib, my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimiga joylashtirilmoqda.

Ushbu sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan ishtirokchilar «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘oliblarga ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik beradigan sertifikatlar berildi.

Natija qilinyapti, moddiy-texnik bazalar yaxshilanyapti

Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda 600 ga yaqin mahalliy, respublika va xalqaro sport tadbirlari o‘tkazildi. Sportchilarimiz tomonidan O‘zbekiston chempionati va kubogi, Osiyo, jahon chempionatlari va xalqaro musobaqalarda 2796 ta medal qo‘lga qiritildi. Shu bilan birga, yil davomida 1288 nafar sportchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibiga qabul qilindi.

Mahalla yoshlarini sportga keng jalb etish va iqtidorli sportchi-yoshlarni saralab olish maqsadida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining joriy yilgi mavsumida 14–30 yosh toifasida mahalla yoshlari sportning 14 turi bo‘yicha besh bosqichdagi musobaqalarda bellashdi. Musobaqalarda ishtirok etish uchun “5tashabbus.uz” platformasi orqali 612 ming nafardan ziyod yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 581 ming 890 nafari bellashuvlarda faol ishtirok etdi. Olimpiadaning respublika bosqichida viloyatimiz sportchilari 19 ta oltin, 14 ta kumush va 9 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

15-17 yoshdagi sportchilar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlarining final bosqichi – «Prezident olimpiadasi» musobaqalarida viloyatimizdan 10 sport turi bo‘yicha 222 nafar sportchi ishtirok etib, 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. “Sport turlari geografiyasini kengaytirishga munosib hissa qo‘shayotgan hudud” nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand viloyati g‘olib bo‘ldi.

Tizimda yutuqlar bilan birga, mavjud muammo va kamchiliklar ham aniqlanib, bartaraf etilmoqda. Sport-ta’lim muassasalari va sport federatsiyalarida yaqingacha sport jihozlari yetishmas edi. Prezidentimizning “Davlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, viloyatdagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, sportchilar uchun maxsus sport jihozlari va kiyimlar ajratildi. Xususan, sport muassasalariga 2 ta boks ringi, 10 ta kurash va gimnastika gilami to‘plamlari, shuningdek, 6176 ta to‘p, darvoza to‘ri, basketbol savati, boks shlemi, dayan, tennis raketkasi va to‘ri kabi sport anjomlari hududlarga yetkazib berildi. Sportchilar 13 ming 850 ta maxsus sport kiyimlari bilan ta’minlandi.

Sport inshootlari ta’mirlandi

Viloyatda 189 ta sport inshooti mavjud bo‘lib, shundan 56 ta sport zali, 13 ta suv havzasi, 40 ta futbol maydoni va 80 ta sport turi bo‘yicha maydonchalar bor. Boshqarma tasarrufidagi sport inshootlarini ta’mirlash, barpo etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan,  “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida Samarqand shahridagi 2-sport maktabida yengil konstruksiyali metr sport zal va yordamchi binolar hamda yakka kurash sport turlarini rivojlantirish uchun Taekvondo wt  sport zali qurildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar sport maktabiga qarashli Kattaqo‘rg‘on mahallasidagi “Konchilar o‘yingohi”da yangi sport zal barpo etildi. Haydarchaman mahallasi hududidagi stadion o‘rindiqlari ta’mirlandi.

Viloyat suv turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi suzish havzasi (Delfin) ta’mirlanib, Oqdaryo tuman sport maktabiga qarashli Tortuvli qishlog‘iga yengil konstruksiyali zamonaviy sport zal qurildi. Narpay tumani sport maktabi hududidagi futbol o‘yingohida suv tarmog‘i tortildi, yugurish yo‘laklarini rezina kauchuk bilan qoplash hamda sun’iy qoplamali mini futbol maydonini yangidan qurish ishlari bajarildi.

Bugungi kunda ta’mirtalab ahvolga kelgan bir qator sport ob’yektlarida muammolar mavjud. Jumladan 2026-yilda 4 ta ana shunday sport ob’yektida yangi qurilish, 5 tasida rekonstruksiya, 3 tasida mukammal tamirlash ishlari rejalashtirilgan. Qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal tamirlash ishlari manzilli ro‘yxat va dasturlar asosida bajariladi.

Past natija ko‘rsatayotgan sport muassasalari bilan ishlaymiz

Viloyatda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish borasida hududlarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”, viloyat chempionati va ochiq turnirlarda erishilgan natijalardan ko‘rish mumkinki, olis hududlarimizda ham iqtidorli sportchilarimiz soni ko‘paymoqda. Ammo natijalar hamma hududda ham biz kutgandek emas. Shu sababli avvalo trener-murabbiylar malakasini oshirish kerak. Ayni vaqtda Toyloq, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlaridagi sport maktablarida murabbiylar malakasini oshirish, ushbu muassasalarda tajribali trenerlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirganmiz.

Professional sportchilarni tayyorlash va ularni terma jamoalarga yetkazib berish maqsadida viloyatda ikkita Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyat olib bormoqda. Respublikamizning aksariyat hududlarida bunday markazlar soni bitta va bu borada viloyatimiz  yetakchi. Ammo bugun markazlarimiz talab darajasida faoliyat yurityapti deb bo‘lmaydi.

Misol uchun, yaqinda o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida 500 ga yaqin medal uchun qizg‘in bahs olib borildi va ularning 136 tasi oltin medal edi. Afsuski, Toyloq olimpiya markazi jamoasi birorta sport turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritmadi. Albatta, endilikda markaz faoliyatini yanada rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.