“Air Samarkand” 2023 yil oxiriga qadar 5 tagacha samolyot olib kelishni rejalashtirmoqda
Kecha, 2 noyabr kuni “Air Samarkand” aviakompaniyasining birinchi “Airbus A330-300” rusumli samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ngani xabar qilingandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda kompaniyaning yaqin kelajakda yana bir qator samolyotlar olib kelishi ma’lum qilindi.
– “Airbus A330-300” – bu dunyoning yetakchi aviakompaniyalari taqdim etadigan zamonaviy va xavfsiz samolyotdir, – dedi “Air Samarkand” aviakompaniyasi bosh direktori Anton Xodjayan . – Unda hatto eng uzoq yo‘nalishlarda ham yo‘lovchilar uchun yuqori qulaylik ta’minlanadi. Havo kemasi turistik-klassda 277 ta yo‘lovchini va biznes-klassda 36 ta yo‘lovchini tashish imkoniga ega. Samolyot 11 ming 500 km dan ortiq masofaga to‘xtovsiz parvozlarni amalga oshiradi. Ayni paytda dunyoda 1600 ga yaqin bunday samolyotlar muvaffaqiyatli parvoz qilmoqda.
Tez orada “Air Samarkand” aviakompaniyasining o‘rta masofali yo‘nalishlar uchun mo‘ljallangan “Airbus A321” samolyoti ham keltirilishi kutilmoqda. Umuman, 2023 yil oxiriga qadar kompaniya 5 tagacha samolyotni qabul qilib, ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, faollar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
B.MUSTANOV.