Ajrashib ketgan kelin bobo va buvining nabirasi bilan ko‘rishishiga qarshilik qilolmaydi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudida nikohdan ajrashgan kelin farzandini bobo va buvisi bilan ko‘rishtirmayotganligi holati ko‘rib chiqildi.
Aslida J.Aliyev va X.Aliyevalar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2014 yil 27 dekabrda qonuniy nikoxdan o‘tib turmush qurgan. Birgalikdagi turmushlaridan o‘g‘il farzandli bo‘lishgan.
Biroq sudning 2018 yil 21 iyundagi hal qiluv qaroriga asosan nikoh bekor qilingan. Shundan buyon voyaga yetmagan Shavkatjon X.Aliyevaning qaramog‘ida tarbiyalanib kelgan.
Dilshod bobo hamda Farida ona Shavkatjonning bobo va buvisi sifatida amaldagi qonun talablariga ko‘ra, nabirasi bilan ko‘rishib turish huquqiga ega. Bu huquqlari buzilganligi sababli ular sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ota-ona (ulardan biri) yaqin qarindoshlarning bola bilan ko‘rishishiga imkoniyat bermasalar, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday imkoniyat berishga majbur qilishi mumkin. Agar ota-ona (ulardan biri) vasiylik va homiylik organining qarorini bajarmasa, bolaning yaqin qarindoshlari yoki vasiylik va homiylik organi bola bilan ko‘rishib turishga to‘sqinlik qiluvchi hollarni bartaraf qilish haqida sudga murojaat qilishga haqli.
Sud bolaning manfaatlari va fikrini hisobga olgan holda nizoni hal qiladi.
Mazkur qonun talabiga asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi Dilshod bobo va Farida onaga nabirasi Shavkatjon bilan ko‘rishib turish vaqtini belgilab berdi. O‘z navbatida, hal qiluv qarori bilan X.Aliyevaga bobo va buvining nabirasi bilan ko‘rishishiga qarshilik qilmaslik majburiyati yuklatilgan.
Shuningdek, X.Aliyevaga sudning hal qiluv qarori bajarilmagan taqdirda, unga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar qo‘llanilishi tushuntirilgan.
Kamoljon IBRAGIMOV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudya katta yordamchisi.