Aliment nima uchun to‘lanadi yoxud bolalar kelajagini sotib olish mumkinmi?
Yoshligimda do‘stimning ota-onasi ajralgani haqida eshitgandim. Uning boshqa tengdoshlarimiz bilan chiqishib ketishi qiyin bo‘lardi. Keyinchalik eshitishimizcha, uning o‘gay otasi bu "tekintomoq" uchun o‘zining otasi tomonidan aliment pullari berilayotgani sababli ona-bolani kaltaklayotgan ekan.
Bugun bunga o‘xshash voqealarni ko‘p uchratamiz. O‘tgan yil dekabr oyida Oliy Majlis quyi palatasi deputatlari tumanimizga tashrif buyurdi. Ular aynan ajrim masalasiga e’tibor qaratdi. Deputatlarning aholi bilan uchrashuvlarining birida qatnashdim. Ancha odam to‘plandi, uchrashuv qizg‘in ruhda, muhokamalarga boy tarzda o‘tdi. Uchrashuv so‘nggida bir bola deputatlarning birini etagidan tutib:
- Iltimos, mening ayamni olib kelib beringizlar, - dedi.
Hamma hayron. Mahalla raisidan so‘ralganda ularning ota-onasi ajralgani ma’lum bo‘ldi. Uchrashuv tugadi, hamma tarqaldi. Shu kuni kechga yaqin deputatlar bilan hokimlik binosida uchrashib qoldik, men o‘sha voqea haqida so‘radim. Ular holatni o‘rganib, ota aliment to‘lashdan qochib, bolani o‘z uyida olib qolgani haqida gapirdi.
Taajjublanasan kishi. Yaqinda MIB tuman bo‘limida bir ota o‘z qizi uchun 15 million so‘m pul berayotganiga guvoh bo‘ldim. Ona esa pullarni olgach, farzandining tarbiyasiga e’tiborli bo‘lish o‘rniga “uning kelajagi" uchun ishlashga chet elga ketdi...
Ota mehridan mosuvo bu farzandlar ona e’tiboridan ham mahrum bo‘layotgani, bu mavzuga kengroq yondashuvni talab etmaydimi? Yoki to‘lanayotgan aliment pullar ertamiz egalari bo‘lmish farzandlarimizning baxtli bo‘lishi uchun yetarli bo‘lsa, bu pullar ota yo ona mehrini bera oladimi?
Dilmurod Mahramov,
Jomboy tumani.