Aliment puli to‘lamagan otaning “Lassetti”si sotuvga qo‘yildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor N.G‘.dan undiruvchi Z.M.ning foydasiga voyaga yetmagan uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun qarzdordan har oyda aliment undirish belgilangan.
Qarzdor N.G‘.ning nomida pul mablag‘lari, valyuta hisob-raqamlari va qimmatli qog‘ozlari hamda avtomototrasport vositalari bor yo‘qligini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 87-moddasiga asosan tegishli tartibda mutassaddi tashkilotlarga so‘rov xatlari yuborilgan. So‘rovlar natijasida qarzdor N.G‘.ning nomida 2009 yilda ishlab chiqarilgan “Lassetti” rusumli avtomashina borligi aniqlangan.
Ijro harakatlari davomida davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdor N.G‘.ning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan.
Davlat ijrochilari tomonidan qarzdor N.G‘.ning nomida bo‘lgan “Lassetti” rusumli avtomashina xatlanib, jarima maydonchasiga saqlash uchun topshirilgan.
Shundan avtomashinani baholash maqsadida mutaxassis tayinlangan va “Elektron Baholash” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 56 million 857 ming so‘mga baholanib, “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga sotuvga chiqarilgan. Hozirgi kunda qarzdorning alimentdan bo‘lgan qarzdorligi jami 37 million 920 ming so‘mni tashkil qilgan.
Sotuvdan tushgan pul mablag‘laridan undiruvchi Z.M.ning plastik kartasiga 37 million 920 ming so‘m aliment pullari o‘tkazib berildi, deb xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi Tayloq tuman bo‘limi.