A’loga o‘zlashtirgan talabalarning stipendiyalari bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshiriladi
Kecha, 5 fevral kuni “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
«Huquqiy axborot» kanali yangi stipendiya tizimi haqida ma’lumot berdi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 fevraldan:
- davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontarkt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar qat’iy belgilangan stipendiya bilan ta’minlanadi (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno);
- semestr yakuni bo‘yicha fanlardan faqat a’loga o‘zlashtirgan (86 ball va undan yuqori) talabalarning stipendiyalari bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshiriladi;
- semestr yakuni bo‘yicha fanlardan 30 foiz va undan ortiq qismi qoniqarli bo‘lgan (reyting ko‘rsatkichi – 71 balldan kam) davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarga keyingi semestrda stipendiya to‘lanmaydi (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta’lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno).