Amakisining qotiliga aylangan jiyan 18 yil “oldi”
Payariq tumani Devarak qishlog‘ida jiyan amakisini pichoqlab qo‘ydi. Bunga nima sabab bo‘lgandi?
Hammasi Shuhratning (ism-familiyalar shartli) Jizzax viloyatidan ota uyiga, ya’ni Payariq tumanidagi Devarak qishlog‘iga yashash uchun kelganidan boshlandi. Bu hovlida marhum akasining o‘g‘illari ham oilasi bilan istiqomat qilardi. Qishlog‘iga qaytgan Shuhrat shu yerda uylandi, hovlining o‘ziga tegishli joyidan imorat qurdi.
Qishloqqa kelib moddiy tomondan o‘zini tiklab olgach, uyini ta’mirlash uchun qoramollarini sotdi. Buni eshitgan jiyani Alijon amakisidan qarz so‘rab chiqdi. Amaki pulga muhtoj jiyaniga yo‘q demadi, so‘ragan pulini berdi.
Pulni olgan jiyan uni vaqtida qaytarmadi. Shuhrat bir necha bor qarzni so‘radi. Ammo Alijon pulni qaytarmasdan, paysalga sola boshladi.
Odamni pul buzadi, deganlaridek, amaki va jiyanni ham o‘rtadagi pul bir-biriga dushman qilib qo‘ydi. Ular shu masalada bir necha bor o‘zaro urishib ham olishdi. Janjalni Alijonning shu hovlida birga yashaydigan aka-ukalari ham bilishardi. Ammo ular ham qarindoshlarni yarashtirish o‘rniga, holatni tomosha qilib yuraverishdi.
Oxir-oqibat pulini yaxshilikcha ololmasligiga ko‘zi yetgan Shuhrat jiyanining uyiga xat tashlab ketdi. Xatda tezda olgan qarzini qaytarmasa, xotini va qizlarini zo‘rlashi haqida tahdid va haqorat so‘zlari yozilgandi.
Alijon xatni amakisining bolalariga ko‘rsatib, “bu otangizning yozuvimi?”, deb so‘radi. Bolalar xat otasiga tegishli ekanini tasdiqlashdi.
Shundan so‘ng Alijonda amakisiga qarshi qasd paydo bo‘ldi. Undan o‘ch olishni rejalashtirdi. Shu maqsadda uyiga spirtli ichimlik ichib keldi. Dastlab xotini bilan janjallashdi, so‘ngra oshxona pichog‘ini olib amakisining uyiga yo‘l oldi.
-Amakim qani? – dedi yigit yangasiga.
-Hozir ko‘chaga chiqqandi, uyda yo‘q, - dedi ayol.
Alijon amakisini izlab, qishloq qabristoni tomon yurdi. Yo‘lda uni uchratib qoldi. Ular yana pul ustida o‘zaro janjallashdi. Shu payt Alijon amakisining qo‘lidan ushlab, kutilmaganda uning qorniga, so‘ngra ko‘kragiga pichoq sanchdi.
Ularning ortidan yetib kelgan Alijonning ukalari fojiani to‘xtatib qololmadi. Shuhrat voqea joyida vafot etdi. Qarzini bermaslik evaziga amakisining umriga zomin bo‘lgan Alijon sud hukmi bilan 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
O‘. MAMADALIYEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand
viloyati sudi raisi o‘rinbosari.