Amir Temur va Tojmahal maqbaralarini birlashtiradigan jihat nima?
Qadimda maqbaralar asosan olim, ulamolar, din arboblari qabrlari ustida qurilgan. Bu ish ularning qarindosh-urug‘lari tomonidan emas, hukmdorlar va ba’zan badavlat kishilar tomonidan amalga oshirilgan.
Lekin yurtimizda shohlar qabri ustida barpo etilgan maqbaralar bor. Masalan, Buxoro shahridagi mo‘g‘ullar bosqinidan oldin qurilib, hozirgacha saqlanib turgan Buxoro shohi Ismoil Somoniy qabri ustidagi maqbarani misol keltirishimiz mumkin. Yana Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasi tarkibida ham shohlar oilasiga mansub maqbaralar bor.
Bular ichida Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi olti yuz yildan beri o‘zining betakrorligi va me’moriy yechimi bilan barchani hayratga solib kelmoqda. Ushbu maqbara 1404 yil Amir Temur farmoniga muvofiq 1403 yili urushda olgan jarohati tufayli halok bo‘lgan sevimli nabirasi Muhammad Sulton qabri ustida qurilgan. Ko‘p o‘tmasdan, 1405 yil Xitoyga yurish vaqtida yo‘lda vafot etgan Sohibqiron Amir Temur ham hali qurib bitkazilmagan shu maqbarada dafn qilingan. Keyinchalik bu yerda Mironshoh (1408 y.), Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek hamda temuriy shahzodalar - Sulton Muhammad Mirzo, Abdullo Mirzo, Abdurahmon Mirzolar jismi qo‘nim topgan. Shoxruh Mirzo amri bilan bu yerga Amir Temurning ma’naviy ustozi-piri Mir Said Baraka tuprog‘i keltirilib, ko‘milgan.
Endi maqola sarlavhasida keltirilgan ikkinchi maqbara, ya’ni Hindiston hukmdori Shoh Jahon tomonidan 1632-1653 yillarda, 1631 yil vafot etgan suyukli rafiqasi Mumtoz Mahal (Arjumandbonu) sharafiga qurilgan mashhur Tojmahal maqbarasi haqida so‘z yuritamiz. Oq marmardan barpo etilib, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ushbu maqbara salkam to‘rt yuz yildan beri barcha sayyohlarni maftun etib kelmoqda. Ushbu maqbarada Mumtoz Mahaldan tashqari 1666 yilda dunyodan o‘tgan imperator Shoh Jahonning o‘zi ham dafn etilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, Dehli shahrida yana bir boburiy hukmdor Muhammad Humoyun qabri ustida oldinroq, ya’ni 1562-1571 yillarda qurilgan maqbara ham bor.
Xo‘sh, dunyoning ikki chekkasidagi ushbu ikki bebaho me’moriy obidani bitta maqolada yoritishimizning sababi nima? To‘g‘ri, maqbaralarning tashqi ko‘rinishida oz bo‘lsa-da, o‘xshashliklar bor: ikkala maqbarada ham asl qabrlar pastki xonada joylashgan. Har ikkala maqbara ham YuNESKO tomonidan ro‘yxatga olingan. Lekin bularning hammasi asosiy sabab emas. Bu ikkala ajoyib arxitektura durdonasi asli kelib chiqishi O‘rta osiyolik, aniqrog‘i, o‘zbekistonlik bo‘lgan temuriylar sulolasi va ularning Hindistondagi davomchisi boburiylar sulolasi hukmdor vakillari tomonidan qurdirilgan. Shu yerda gidlarimiz ushbu faktni ajoyib isboti sifatida imperator Shoh Jahonning otasi bo‘lgan Hindiston hukmdori Jahongir (1605-1627 yillarda hukmdorlik qilgan) tomonidan Samarqandga o‘zining bobokaloni bo‘lgan Amir Temurning maqbarasini restavratsiya qilish uchun juda katta moddiy boylik yuborilganligini aytib o‘tish joiz. Bu fakt, ayniqsa, hindistonlik sayyohlarni lol qoldirgan bo‘lardi.
Rustam Vafoyev.