Amir Temurning homiysi bo‘lgan hukmdorning qabri qayerda?

XIV asrning 40-yillarida Chig‘atoy ulusida bo‘linish yuz berdi va uning g‘arbiy qismlariga chingiziylardan bo‘lgan Qozonxonni urushda yenggan Amir Qazag‘an hukmdorlik qila boshlaydi. Akademik V.Bartold Amir Qazag‘anni turk amiri, deb hisoblaydi. Balki shuning uchun Amir Qazag‘an o‘zini xon deb e’lon qilmaydi va chingiziylardan bo‘lgan Donishmandcha O‘g‘lon va Xisrav Bayonqulixonlarni soxta xon sifatida taxtga o‘tqazib, ularning nomidan 1346-1358 yillarda Movarounnahrni idora qiladi.

Amir Qazag‘an o‘sha paytda o‘smir yoshida bo‘lgan Amir Temurdagi shijoat va ziyraklikni sezib, o‘z homiyligiga olgan. Manbalarda qayd etilishicha, Amir Temurning siyosiy sahnaga kelishi, mamlakatda ko‘zga ko‘ringan sarkardalardan biriga aylanishida Amir Qazag‘anning xizmati katta bo‘lgan. 1355 yilda Amir Qazag‘an o‘z nabirasi O‘ljoy Turkon oqoni Amir Temurga turmushga beradi va bu Uljoy Turkon oqoning akasi Amir Husayn hamda Amir Temur o‘rtasida mo‘g‘ullarga qarshi ittifoq yuzaga kelishiga ham sabab bo‘ladi.

1358 yilda Amir Qazag‘an Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temur hamda o‘zi soxta xon etib ko‘targan Xisrav Bayonqulixonlar fitnasi oqibatida ov vaqtida o‘ldiriladi va Termiz yaqinidagi Soli-Saroyda dafn etiladi. Uning o‘rniga taxtga o‘g‘li Abdulla o‘tiradi va o‘z davlatining poytaxti etib Samarqandni tanlaydi va otasining hokini Samarqandga olib kelib Shoxizinda ansambliga dafn ettiradi.

Amir Qazag‘anning qabri bugungi kungacha yetib kelmagan. Biroq XX asr boshlarida olib borilgan tadqiqotlar Qusam ibn Abbos maqbarasiga kirish eshigi ro‘parasida – Tuman oqo majmuasi bilan birlashib ketgan xonada Amir Qazag‘an ismi bitilgan qabrtosh bo‘lganligini ko‘rsatadi. Qabrtoshga «Buyuklik va adolat amiri, buyuk amir Amir Qazag‘an, Alloh uning qabrini yorug‘ qilsin, qilgan amallari ila jannatga doxil bo‘lsin. Ramazon, 757 yil» so‘zlari bitilgan. Afsuski, ushbu qabr saqlanib qolmagan.

Mahmudxon YuNUSOV,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.