Amir Temurning Ko‘ksaroyida qazishma ishlari olib borilmoqda

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ziyolilar va tarixchi-olimlar bilan uchrashuvda Samarqand tarixini o‘rganish, Amir Temur saroyining joylashish o‘rnini kompleks tadqiq qilish, tarixiy ob’yektlarni ilmiy o‘rganish va restavratsiya qilish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi.
Uchrashuvdan so‘ng ko‘hna kentning tarixi, madaniyati, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini o‘rganish maqsadida viloyat hokimligi huzurida ilmiy jamoatchilik kengashi tuzilib, amalga oshiriladigan ishlarning yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Ayni vaqtda Samarqand arxeologiya instituti olimlari tomonidan Amir Temur arki o‘rnini aniqlash maqsadida Ko‘ksaroy maydonida dastlabki qazishma ishlari davom etmoqda.
– Joriy yilning aprel oyidan boshlab arxeologlarimiz tomonidan Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydoni va Afrosiyob yodgorligida qazishma ishlari olib borilmoqda, – deydi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – Dastlab 34 gektar maydonni egallagan Amir Temur arkining tarixiy topografiyasiga aniqlik kiritish, ark hududida joylashgan Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy qoldiqlari, Shayx Nuriddin Basir maqbarasining o‘rnini tadqiq qilishni rejalashtirganmiz. Xususan, Amir Temur arkining sharqiy qismida hozirga qadar olib borilgan qazuv ishlari davomida hududning relefi keyingi yuz yil davomida olib borilgan qurilish-obodonlashtirish ishlari davomida o‘zgarib ketgani aniqlandi. Bu yuqori qatlamning qariyb 2-2,5 metrgacha qismi buzib tashlangani yoki tekislab yuborilganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, oldingi yillarda olib borilgan arxeologik ishlar, arxiv hujjatlari, yozma manbalar hamda kartografik ma’lumotlar asosida hududning ikkinchi va uchinchi qazuv maydonlarida temuriylar davriga oid topilmalardan ko‘ra, XVII-XVIII asrlarga oid sopol buyumlar, ularning parchalari, XIX asrning oxirida pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan qurilish qoldiqlari ko‘proq chiqyapti. Arkning sharqiy qismidan olingan topografik ma’lumotlarga ko‘ra, hududda temuriylar davrida asosan monumental inshootlar mavjud bo‘lgan. Endi keyingi yo‘nalishda arkning markaziy qismida Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroy va Nuriddin Basir majmuasi bo‘yicha qazishma ishlarini olib boramiz.
Mo‘minxon Saidovning ta’kidlashicha, Samarqand shahrining eng qadimgi davri va tarixini o‘rganish, izlanishlarni davom ettirish maqsadida Afrosiyob yodgorligining to‘rtta nuqtasida ham qazuv ishlari davom etmoqda. Bu yerda fanlararo tadqiqot usullari yordamida shaharning bioarxeologiyasi, arxeobotanika va arxeozoologiyasi bo‘yicha namunalar olinib, tadqiqotlar olib borilmoqda.