Angliya universiteti professori SamDChTIda amaliy tarjima kurslarini o‘tadi

Joriy yilning 6 yanvar kuni Samarqand davlat chet tillar institutiga Angliyaning London metropoliten universiteti professori Aleks Krouglov tashrif buyurdi.

Angliyalik mehmon institut rektori Ilhomjon To‘xtasinov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida 2019 yilda Samarqand davlat chet tillar institutining magistratura ta’lim bosqichida tashkil etilgan “Sinxron tarjima” yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalarning malakasini oshirishga e’tibor qaratish, professor Aleks Krouglovning samarqandlik talabalar uchun amaliy tarjima kurslarini o‘tishi va mazkur kurslar keyinchalik vebinar shaklida davom etishi, institutda amaliy tarjimashunoslik faoliyatini yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Uchrashuv so‘nggida professor Aleks Krouglov hamkorlik munosabatlari mustahkam davom ettirilishidan mamnun ekanligini bildirdi. I.To‘xtasinov institut olimlari tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan asarlar bilan tanishtirdi va romanlardan birini professorga tuhfa qildi.

Asilbek ABDURAIMOV.