Raqamli tibbiyot tizimda samarali va sifatli xizmatni ta’minlaydi
10 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bu o‘zgarishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda soha oldida turgan ustuvor vazifalar, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tizimda ishlayotgan mutaxassislar malakasini yuksaltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sog‘lom millat – mamlakat taraqqiyotining muhim omilidir. Shu bois, so‘nggi yillarda tibbiyot tizimini isloh qilish, uni zamon talablariga mos ravishda yangilash, aholining har bir qatlamiga munosib tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlash borasida e’tiborli ishlar amalga oshirilyapti.
Sog‘liqni saqlash sohasiga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturida ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, aholining, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Prezident yig‘ilishida ilgari surilgan vazifalar partiya dasturining maqsad va g‘oyalariga to‘la mos keladi. Shu bois, ularni joylarda amalga oshirish va real natijalarga erishish har birimizning vijdon va fuqarolik burchimizdir.
Samarqand shahrida ham sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish yo‘nalishida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inlarini kuchaytirish, profilaktika tadbirlarini kengaytirish, soha xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda. Bu esa fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ularga qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Sog‘lom jamiyat har tomonlama barqaror va farovon davlatning poydevoridir. Shu sababli biz, Xalq demokratik partiyasi deputatlari hamda tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari sifatida, amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ijrosini ta’minlash yo‘lida faol hamkorlikni davom ettiramiz.
Shahzoda Negmatova,
Samarqand shahar Kengashi deputati, Samarqand davlat pedagogika instituti rektori, professor.