NNTlar xayriya faoliyatini tizimlashtirishda asosiy tayanch bo‘ladi

 Xayr-ehson qilish, muhtojlarga saxovat ko‘rsatish har bir xalqning o‘z madaniyati, qadriyatlari, dini, tarixi va urf-odatlaridan kelib chiqib amalga oshiriladigan amallardir.

Biroq bu jarayonni butun dunyoda umumlashtirib turuvchi ikki omil borki, ularga rioya etilmasa, har qanday ezgu tashabbus kutilgan natijani bermasligi yoki aksincha, jinoiy faoliyat uchun asosga aylanishi mumkin. Bular - xolislik va qonuniylikdir.

Xavfli jihati, bunday faoliyat turida insonlarning ratsional tafakkuriga emas, balki ko‘proq hissiy tabiatiga ta’sir qilishga harakat qilinadi. Ularda “bemorga yordam bering”, “oxirgi umid sizdan”, “ehsonning mukofoti ehsondir” kabi iboralardan ko‘p foydalanilishi sababi ham shunda. Biroq bugungi kunga kelib, aynan shu “imkoniyat” xayriya tadbirlariga asoslangan butun boshli noqonuniy daromad sxemalarining yaratilishiga olib kelmoqda. Bu esa jamiyatda haqiqiy saxovat va bag‘rikenglik g‘oyalariga nisbatan shubha kayfiyati shakllanishi, xususan, institutsional xayriya tizimlari - fond va jamg‘armalar faoliyatiga ishonchsizlik ortishiga olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda birgina Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi fond va jamg‘arma shaklidagi NNTlar 35 tani tashkil etadi. Shundan, 4 tasi xalqaro, 28 tasi respublika darajasidagi tashkilotlarning hududiy bo‘linmalaridir.

Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 21 avgustdagi qonuni mazkur jarayonni tartibga solish, xususan, shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi NNTlarni qo‘llab-quvvatlash, homiylik xayriya mablag‘lari yig‘ilishida shaffoflikni ta’minlash uchun muhim huquqiy asos yaratdi.

Jumladan, qonunchilikdagi islohot natijasida davlat organlari mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga qonunga zid ravishda aralashuvi uchun javobgarlik belgilandi. Endi bunday harakat uchun ular BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (2025 yil noyabr oyi holatiga bu 2 884 mindan 4120 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi. Shuningdek, homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzgan fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha jarima belgilandi.

Unga muvofiq, davlat idoralari har yili NNTlar uchun ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha davlat buyurtmasi tanlovlarini o‘tkazishi kerak. Chet el va xalqaro tashkilotlardan olingan mablag‘lar, homiylik xayriyalari hamda boshqa moliyaviy ma’lumotlar esa oshkora e’lon qilinishi shart. Bunda asosiy e’tibor davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari o‘rtasida muntazam va ochiq muloqotni tashkil etishga qaratiladi.

Ma’lumot uchun: CAF (Charities Aid Foundation) xayriya yordam jamg‘armasi xayriya indeksiga (World Giving Index) ko‘ra, 2024 yilgi jahon reytingida O‘zbekiston 142 ta davlat orasida 45 o‘rinni (2020 yilda 114 mamlakatdan 29-o‘rinda edi) egallagan.

Endi homiylik xayriyalari oldindan belgilangan muddat davomida, aniq homiylik oluvchilar manfaatlari uchun amalga oshiriladi. Ya’ni, har kim, xohlagan shaklida xayriya tadbirlarini e’lon qila olmaydi. Shuningdek, naqd pul shaklidagi xayriya yig‘ilishi ham faqat xayriya qutisi orqali amalga oshirilishi va tegishli qutilar qonuniy tartibda plombalanib, mas’ul shaxslar ishtirokida ochilishi belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, qonunchilikdagi islohotlar xayriya tashkilotlari faoliyatini tartibga solish bilan bir qatorda, jarayondagi jamoatchilik nazoratini institutsional darajaga ko‘tarish imkonini beradi. Hujjat bilan umumiy xayriya ishlarining huquqiy asoslari ham mustahkamlanib, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Bu esa xayriyalar va xalqning ehsoni haqiqiy muhtojlarga yetib borishiga, azaliy qadriyatlarimizning asl jozibasi tiklanishiga xizmat qiladi.

Asqar Barotov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi.